Sirdaryolik hamshiralar hamshiralik ishining yangi modeli — “Universal progressiv model” boʻyicha oʻqitiladi

    Salomatlik 16 Iyun 2021 3071

    Sirdaryoda hamshiralar uchun bir oylik oʻquv kursini tashkil etdi.

    Oʻquv kursi Sogʻliqni saqlash vazirligi YUNISEF tashkiloti koʻmagida birlamchi tibbiy-sanitariya yordam muassasalarda xizmat qilayotgan hamshiralar ishini takomillashtirish va rivojlantirish maqsadida Sirdaryolik bosh hamshira va hamshiralar uchun hamshiralik ishining “Universal progressiv modeli”ni amaliyotga tatbiq etish, shuningdek 2021-yil 1-iyuldan sinov tajriba loyihasi doirasida Sirdaryoda joriy qilinayotgan davlat tibbiy sugʻurta tizimi bilan bogʻliq ishlar, uni amaliyotga joriy etish mexanizmlari hamda aholini sogʻlom ovqatlanishini taʼminlash borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar xususida boʻlib oʻtadi.

    Oʻquv kursini Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining malakali oʻqituvchilari hamda yaqinda hamshiralik ishining yangi modeli boʻyicha Toshkentda bir oylik malaka oshirish kursini tugatib kelgan, Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasining uch nafar xodimi, yaʼni mahalliy trenerlar olib boryapti.

    Mazkur oʻquv kursiga shahar va tuman tibbiyot birlashmalarida faoliyat koʻrsatayotgan 25 nafar oʻrta tibbiyot xodimlaridan trenerlar tanlab olindi. Ular oʻquv kursi davomida hamshiralik ishining yangi “Universal progressiv modeli” boʻyicha oʻz bilim va tajribalarini oshiradi. Va mazkur oʻquv kursi tugagandan soʻng oʻzlari faoliyat koʻrsatayotgan shahar yoki tuman tibbiyot birlashmalarida bir oylik oʻquv kursini tashkil etib, tibbiyot birlashmalarida faoliyat koʻrsatayotgan hamshiralarga hamshiralik ishining yangi modeli boʻyicha tushuncha beradi. Uni amaliyotga joriy etish mexanizmlarini oʻrgatadi.

    Bir soʻz bilan aytganda, Sirdaryoda yangitdan, tajriba sinov tariqasida joriy qilinayotgan davlat tibbiy sugʻurta tizimi kabi birlamchi tizimda onalar va bolalar bilan ishlash boʻyicha, tibbiy xizmatning yangi turi, hamshiralarning “Universal progressiv modeli” boʻyicha ishlash tartibi Sirdaryoda yoʻlga qoʻyiladi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.