Joriy yil 5-7-may kunlari Tokio (Yaponiya) XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi akademik eshkak eshish sport turi bo‘yicha Osiyo-Okeaniya mintaqaviy saralash musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur nufuzli musobaqada akademik eshkak eshish sport turi bo‘yicha Sirdaryo viloyati terma jamoasi a’zolari Shirin shahridan Islomova Luiza, Xolmurzaev Shaxboz va Mamatqulov Mexroj ham ishtirok etdi.

Bunda ikki kishilik erkaklar o‘rtasidagi bahslarda Shaxboz Xolmurzaev musobaqadagi samarqandlik sherigi Safaraliev Sobir bilan birgalikda finishga 3-bo‘lib yetib keldi hamda ular birgalikda Tokio (Yaponiya) XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga yo‘lanma (litsenziya)ni qo‘lga kiritdi.

Sportchilarimiz bugun erta tongdan Toshkent xalqaro aeroportida Sirdaryo viloyati Turizm va sport bosh boshqarmasi rahbariyati tomonidan munosib kutib olindi. 

Shuningdek, joriy yilning 13-16-may kunlari Shveytsariyada bo‘lib o‘tadigan yakuniy saralash musobaqasida yana bir sportchimiz Odinaev Anisni ishtirok etishi belgilangan bo‘lsa, para akademiya bo‘yicha iyun oyida Italiyada  o‘tkaziladigan musobaqada sportchilarmizdan Qo‘chqorov Otabek, Bo‘riboeva Feruza, Xabibullaev Qudratulla, To‘yymurodov Suxrob, Dadaeva Diyora, Sultonov Akmallar Tokio (Yaponiya) Olimpiyadasi yo‘lanmasi uchun bellashadi.

Ma’lumot uchun Tokio Olimpiyadasiga litsenziya olgan sportchilar 2 nafarga yetdi. Bunga pnevmatik quroldan o‘q otish bo‘yicha Guliston shahridan Ibragimov Server yo‘lanmani qo‘lga kiritgan edi, deb xabar beradi Sxabar.uz