Tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan biriktirilgan kardiolog, terapevt, xirurg, akusher-ginekolog, endokrinolog, pediatrlardan iborat guruh aʼzolari ishtirokida oʻtkazilgan tibbiy koʻrikda hududda istiqomat qilayotgan 200 dan ortiq fuqarolar, uyda yotib qolgan 12 nafar bemorlar va ularga qarovchi aholi vakillari salomatligi tekshirildi.

Koʻrik davomida 50 nafardan ortiq fuqaroda yurak qon-tomir tizimi, endokrin tizim, ovqat hazm qilish tizimi, siydik va tanosil aʼzolari tizimi, harakat-tayanch aʼzolari tizimi va boshqa aʼzolarda turli darajadagi kasalliklar borligi aniqlashdi.

Oʻtkazilgan tibbiy koʻrik jarayonida 5 nafar bemordan 3 nafarida yurak ishemik kasalligi, zoʻriqishdagi stabil stenokardiyaning ikkinchi darajasi bilan tuman tibbiyot birlashmasining terapiya boʻlimiga, yana ikki nafari esa bel-dumgʻaza umurtqalari osteoxondrozi va radikulopatiyasi tashxisi bilan tibbiyot birlashmaga yotqizildi. Kasallik aniqlangan bemorlarning 4 nafari bel-dumgʻaza umurtqalari disk churrasi, qandli diabetning ikkinchi tipi, ogʻir kechish, dekompensatsiya bosqichi, qoʻshma jarohat, miya lat yeyishdan keyingi holat, gemorragik insult, chap tomonlama gemiparez tashxisi bilan viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markaziga yotqizish masalasi hal etildi.

Bundan tashqari 5 nafar bemorga Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida, jumladan Toshkent tibbiyot akademiyasi, Respublika Pediatriya ilmiy tekshirish instituti, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy tekshirish instituti, hamda Toshkent tibbiyot akademiyasida davolanish boʻyicha yoʻllanmalar berildi.

Bu tuman markazidan ancha olisda yashaydigan Sholikor mahallasi aholisi uchun juda qoʻl keldi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.