Emlanayotgan fuqarolar avval koʻrik xonasiga kirib, sogʻligi toʻliq nazoratdan oʻtkazildi, keyin emlash xonasida koronavirusga qarshi emlash amalga oshirilib, keyingi – kuzatuv xonasiga olib kirildi.

- Oʻtgan yili koronavirus xastaligiga chalindim, - deydi “Bogʻishamol” mahallasida istiqomat qiluvchi 85 yoshli Kim Galina. – Yengil oʻtkazdim, shuning uchun uyda davolandim. Poliklinika shifokorlari sogʻligimni nazorat qilib turishdi. Virusga qarshi vaksina olishga birinchilardan boʻlib keldim.

- Poliklinikamizda bir kunda 50 nafarga yaqin aholini emlash uchun sharoitimiz bor, - deydi Koʻp tarmoqli markaziy poliklinikada bosh vrachi. – Hududimizda 4 mingdan ziyod 65 yoshdan yuqori boʻlgan aholi roʻyxatga olingan. Moneligi boʻlmagan, yaʼni isitma qilmayotgan, surunkali xastaligi xuruj qilmagan, allergik reaksiya kuzatilmagan fuqarolargina emlanishi mumkin. Koʻrik xonasida har bir fuqaro toʻliq vrach nazoratidan oʻtgachgina emlash xonasiga olib kiriladi.

Ayni paytda viloyatda 96 ta emlash punktlari, 11 ta hududiy tuman (shahar) vaksina saqlash omborxonalari, ulardagi sovutkichlar 3-4 tadan, elektrogeneratorlar, termosumkalar va termokonteynerlar shay holatga keltirilgan.

Emlash ishlarini amalga oshirish uchun 96 ta emlash punktlariga 96 ta qoʻshimcha xona va 84 ta mobil brigadalar tashkil etilgan. Sogʻliqni saqlashning birlamchi tibbiy boʻgʻini xodimlari, emlash jarayonida qatnashadigan 113 nafar vrach hamda 247 nafar oʻrta tibbiyot xodimlari maxsus dastur boʻyicha oʻqitildi.

Viloyat hokimligi Axborot xizmati