Ushbu yoʻnalishda ishlar qanday yoʻlga qoʻyilganligini aniqlash hamda tizimda korrupsiyaning va salbiy holatlarning oldini olish maqsadida Davlat xizmatlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasining masʼul xodimlari tomonidan tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlari hamda Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlari faoliyati “Sirli mijoz” tamoyili asosida doimiy ravishda oʻrganib borilmoqda.
Shu kunga qadar boshqarma tomonidan 100 dan ortiq “Sirli mijoz” hamda reyd tadbirlari oʻtkazilgan boʻlib, oʻz xizmat vazifasiga noloyiq xatti-harakatlar sodir etgan, kasbiga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan va “Sirli mijoz” sifatida murojaat qilgan fuqarolarni sansalorlikka solish kabi holatlarga yoʻl qoʻygan Davlat xizmatlari markazlari xodimlarining 11 nafar bilan mehnat shartnomalari bekor qilindi. Shuningdek, yoʻl qoʻygan kamchiliklari uchun 45 nafar xodim ogohlantirilib, 22 nafariga jazo choralari qoʻllanildi. Ulardan tegishli tushuntirishlar olinib, kelgusida bunday holatlarga yoʻl qoʻyilsa shaxsiy javobgarlik haqida ogohlantirildi.
FHDYO boʻlimlarida oʻtkazilgan reydlar natijasida esa 4 nafar xodimlarga nisbatan mehnat shartnomasi bekor qilinib, 5 nafar xodimga “Hayfsan” hamda “Jarima” intizomiy jazo choralari qoʻllanilgan.
Bundan tashqari tizimdagi xodimlar bilan 200 dan ortiq profilaktik suhbatlar hamda sohaga oid savol-javoblar oʻtkazildi.
Shuni alohida aytib oʻtish kerak, bunday tadbirlarning oʻtkazilishi tizimda korrupsiyaning va salbiy holatlarning oldini olishga sezilarli darajada taʼsir koʻrsatmoqda.
Akmaljon AZIMOV,
DXA Andijon viloyat boshqarmasi boʻlim boshligʻi