Oʻrganish davomida taʼmirlash ishlari madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish talablariga zid ravishda olib borilgani aniqlandi, deya xabar beradi Madaniy meros agentligi.

Xususan, taʼmirlash-restavratsiya loyihalari maxsus Ilmiy-ekspert kengashi bilan kelishilmagan, tegishli ruxsatnomalar olinmagan va yana bir qator talablar qoʻpol ravishda buzilgan.

Majmuada restavratsiya ishlari notoʻgʻri olib borilgani tufayli saroyning bir qator qismi tarixiy va badiiy ahamiyatini butkul yoʻqotgan.

Agentlik tomonidan oʻrganish ishlari yakunlari huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga taqdim etildi.

Ayni vaqtda Bosh prokuratura tomonidan mazkur holatlar boʻyicha mutasaddi mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ularning harakatlariga huquqiy baho berilmoqda.

Sitorai Mohi Xossa Buxoro amirlarining yozgi saroyi hisoblanib, asosiy binolar amir Mir Sayyid Olimxon (1911-1920-yillar) hukmronligi davrida qurilgan.

Hozirda muzey sifatida faoliyat yuritayotgan majmuaga yiliga 158 ming (shundan 63 ming nafari xorijiy) sayyoh tashrif buyuradi.