Siyosiy partiyalar saylovda ishtirok etish toʻgʻrisida ariza va nomzodlar toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim etdi

    Saylov 10 Avgust 2021 1684

    Joriy yilning 10-avgust kuni Markaziy saylov komissiyasiga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati-Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining vakolatli vakillari partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat surab berilgan arizalarni taqdim etdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 63-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiya saylovga kamida yetmish kun qolganida Markaziy saylov komissiyasiga bir qator hujjatlarni taqdim etishi kerak. Xususan, saylovda ishtirok etish toʻgʻrisida partiya rahbari tomonidan imzolangan ariza, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining siyosiy partiya roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan maʼlumotnoma, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga boʻlajak nomzod toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.

    Tadbir davomida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalarning vakolatli vakillariga hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt koʻrsatilgan maʼlumotnoma taqdim etildi. Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish toʻgʻrisida besh kunlik muddat ichida uzil-kesil qaror qabul qiladi hamda siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalarini beradi, deya xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati.

    Saylovda ishtirok etuvchi partiyalarning roʻyxati arizalarning kelib tushishi navbati tartibida markaziy matbuotda eʼlon qilinadi.