Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan “Siz kelmang, oʻzimiz boramiz!” loyihasi doirasida viloyatning olis va chekka hududlariga borgan holda sayyor davlat xizmatlari koʻrsatilmoqda. Bunday xizmatlar orqali aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotlar oʻtkazilayotgani, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari joyida oʻrganilayotgani, aholining ariza, shikoyat va takliflarini oʻrganishda eʼtiborsizlik, sansalorlik holatlariga barham bermoqda. Bu esa, jamiyatda ijtimoiy adolatni qaror toptirishga xizmat qiladi.

Raqamlarga nazar tashlaydigan boʻlsak, joriy yilning oʻtgan yetti oyi davomida mavjud 22 ta Davlat xizmatlari markazlari tomonidan fuqarolarning yashash manziliga borgan holda jami 3 ming 95 ta sayyor davlat xizmatlari koʻrsatildi. Eng koʻp sayyor xizmatlar Boʻstonliq, Boʻka, Chinoz tumanlari va Angren shaharlarida tashkil etildi. Tuman markazlaridan olis hududlarda tashkil etilgan 7 ta filial orqali esa 1,5 mingdan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatildi.

Sayyor xizmat davomida aholi bir qator yoʻnalishlar, jumladan, koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, bolalarni davlat maktabgacha taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha navbatga qoʻyish uchun ariza berish, pensiya va nafaqalar miqdori toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish, tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtish, soliqdan qarzi bor yoki yoʻqligi haqida maʼlumot olish boʻyicha davlat xizmatlaridan foydalanmoqda. Shuningdek, sayyor xizmat davomida xizmatlarni markazlarga bormasdan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali elektron tarzda olish ham targʻib qilinmoqda. Mazkur portal orqali murojaat qilgan shaxslarga markazga shaxsan borib toʻlanadigan toʻlovga nisbatan kamroq toʻlash imkoniyati, yaʼni imtiyoz berish orqali qulayliklar yaratilgan. Bunday qulayliklardan samarali foydalanish esa fuqarolarimizning vaqti ham, mablagʻi ham tejalishiga xizmat qiladi. Qolaversa, davlat xizmatlari markazlaridagi navbat kutishlarning oldi olinadi.

“Siz kelmang, oʻzimiz boramiz!” Mazkur shior bilan markaz xodimlari fuqarolarning uzogʻini yaqin, mushkulini oson qilishga yaqindan koʻmaklashmoqda, deya xabar beradi DXA Toshkent viloyati boshqarmasi matbuot xizmati.