Endilikda yurtimizda mazkur xalqaro notijorat birlashmasida belgilangan standartlar asosida kasb-hunar markazlarini tamomlaganlarga “Skills pasport” berish yoʻlga qoʻyiladi.

Bugun odamlarni ish bilan taʼminlash, biror faoliyat turiga jalb etishning eng samarali yoʻli ularni kasb-hunarga oʻqitish ekani mamlakatimiz tajribasida yaqqol namoyon boʻlmoqda. Oʻtgan qisqa vaqt ichida yoshlar, ayniqsa, ishsiz aholi qatlamini bu tizimga jalb qilish, kelgusida oliy taʼlimni davom ettirishidan qatʼi nazar, ularga hayotida asqatadigan biror hunarni oʻrgatish, egallagan kasbi boʻyicha boʻsh ish oʻrinlari yaratish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylangan.

2020-yilning 17-yanvarida mamlakatimiz dunyo boʻyicha kasb-hunar taʼlimi maqomi va standartlarini oshirish, xalqaro tanlovlar orqali zamonaviy kasblarni ommalashtirishni maqsad qilgan “WorldSkills International” xalqaro harakatiga 83-aʼzo sifatida qabul qilindi. Endilikda yurtimizda mazkur xalqaro notijorat birlashmasida belgilangan standartlar asosida kasb-hunar markazlarini tamomlaganlarga “Skills pasport” berish yoʻlga qoʻyiladi.

Prezidentimizning 2020-yil 11-avgustdagi “Kambagʻal va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga oʻqitishga qaratilgan hamda aholi bandligini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, bunday kasbiy malaka pasporti 2021-yilning 1-yanvaridan boshlab “Ishga marhamat” monomarkazlari hamda kasb-hunarga oʻqitish markazlarida sinov imtihonlari asosida topshiriladi.

Yangi pasport kimlarga beriladi?

Yoshlar orasida katta qiziqish va muhokamalarga sabab boʻlayotgan kasbiy malaka pasporti dunyoning 80 dan ortiq mamlakatida tan olinadi. Ushbu pasport mehnat vazifalari va asosiy koʻnikmalarning batafsil taqsimlanishini taʼminlab, har bir kishining muayyan yoʻnalishdagi qobiliyatni qanchalik egallaganini alohida qayd etadi. Jarayonda kasb-hunarga oʻqitish markazlari bitiruvchilarining kasbiy malakasi “WorldSkills International” xalqaro standartlari orqali baholanadi va texnik koʻnikmalar, aloqa hamda tashkilotchilik qobiliyati singari bir qator mezonlar asosida VS standartlari shakllantiriladi. Bu standartlar oʻzgaruvchan boʻlib, doimiy tarzda takomillashtirib boriladi.

— Ayni paytda koʻplab davlatlarda keng qoʻllanilayotgan mazkur kasbiy malaka pasporti oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi diplomi darajasiga tenglashtiriladi va egallagan bilimlarni mehnat faoliyatida qoʻllash huquqini beradi, — deydi “Ishga marhamat” monomarkazi direktor oʻrinbosari Nadima Toshmetova. — Bunday pasportni mamlakatimizda xalqaro standartlar boʻyicha oʻtkaziladigan imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan istalgan kishi yoki kasb-hunarga oʻqitish markazlari bitiruvchilari olishi mumkin. Yaʼni oʻrta taʼlimni tamomlagan, oʻz bilim va koʻnikmasiga ishongan 16 yoshga toʻlgan har qanday fuqaro “Ishga marhamat” monomarkazi yoki hududlardagi kasb-hunar taʼlimi markazlarida roʻyxatdan oʻtib, belgilangan vaqtda imtihon topshirishi mumkin. Imtihon “WorldSkills International” xalqaro birlashmasi mutaxassislari tomonidan oʻtkaziladi. Undan muvaffaqiyatli oʻtganlarga kasbiy malaka pasporti beriladi. Ammo unutmaslik kerakki, bu pasport taʼlimning keyingi turini davom ettirishga asos boʻla olmaydi.

Xorijda munosib ish topish imkoniyati

Boshqa mamlakatda ishlash istagidagi insonlarning oliy maʼlumot darajalari nostrifikatsiya jarayonidan oʻtkaziladi. Ammo bu amaliyot oʻrta kasb-hunar diplomlari uchun amal qilmagani bois, koʻplab kishilarning qoʻshimcha imkoniyatlarini yoʻqqa chiqaradi. Yoki zarur bilim va koʻnikmalarga ega boʻlmagan kishilar ish topishda katta qiyinchiliklarga duch keladi. Ana shu jihatlarni inobatga olgan holda, “Skills pasport”ni oliy maʼlumot diplomlarini nostrifikatsiya qilish jarayonining muqobiliga aylantirish, uning “WorldSkills International” xalqaro harakatiga aʼzo davlatlar oʻrtasida tan olinishini taʼminlash maqsad qilingan. Bu esa kasb-hunar taʼlimi pasportiga ega insonlarning koʻplab davlatlarda oʻziga munosib ish topish imkoniyatini oshiradi. Ayni paytda “Skills pasport” Rossiya ­Federatsiyasi hududida faol qoʻllanilmoqda va kadrlarni tanlashda unga ishonadigan ish beruvchilar soni kun sayin ortib boryapti.

Kasbiy malaka pasporti ish beruvchilarning mos xodimlarni topish va tashkilotiga jalb qilishida ham bir qator qulayliklar yaratadi. Yaʼni korxona-tashkilotlar rahbarlari xodimning malaka pasporti asosida qaysi yoʻnalishda zarur koʻnikmaga ega ekanini bilib oladi. Boʻsh ish oʻrniga talabgor nomzodning “Skills pasport”ga ega ekani uning xalqaro standart asosida imtihondan oʻtganini ham tasdiqlaydi.

Mamlakatimizda kasbiy malaka pasportini olish tizimi joriy etilgach, unga ega boʻlgan har bir mutaxassisni yagona milliy kadrlar bazasiga kiritish koʻzda tutilgan. Bu ish beruvchilarga bitta platformada toʻplangan koʻplab mutaxassislar orasidan oʻziga mosini tanlab, ishga taklif etish imkoniyatini oshirish bilan birga, pasportga ega kishilarning munosib ish joyida faoliyat yuritishini taʼminlaydi.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri