Biroq, Respublika bolalar ortopediya markazi direktori Akbar Tilyakovning aytishicha, homiladagi 5 turdagi ortopedik nuqsonni skrining tekshiruvi orqali aniqlash mushkul.
Ularni bola tugʻilganidan soʻng zudlik bilan bartaraf etish talab etiladi. Aks holda, bu nuqsonlarni davolash uchun operativ muolajalar zarur boʻladi.
Xoʻsh, ular qaysilar?
- Chanoq-son displaziyasi,
- tugʻma boʻyin qiyshiqligi,
- tugʻma maymoqlik,
- tugʻma skoleoz,
- koʻkrak qafasi deformatsiyalari.
Homila ona qornidaligida undagi bu kamchiliklarni aniqlab boʻlmaydi. Chunki bolaning boʻyni yoki umurtqasi aslida ham qiyshiqmi yo uning oʻzi qiyshiq holatda yotibdimi, buni bilishning imkoni boʻlmaydi. Faqat farzand tugʻilganidan keyingina ularni aniq koʻrish mumkin.
— Bu kasalliklarni chaqaloq ikki oylik boʻlguniga qadar bartaraf etish kerak, — deydi A.Tilyakov. — Negaki, bu davrda uning suyaklaridagi nuqsonni toʻgʻrilash oson kechadi. Keyinchalik suyaklar qotib mustahkamlanishi oqibatida davo chorasi sifatida operatsiya taklif etiladi.
Mutaxassis bu kabi kasalliklarni oldindan aniqlash va davolash samaradorligini oshirish boʻyicha ham taklif bildirdi:
— Barcha yangi tugʻilgan chaqaloqlar 2 oylik boʻlganida, poliklinikalarga birinchi marta emlash uchun olib kelinadi. Bu yerda ular pediatr tomonidan koʻrikdan oʻtkaziladi. Bizning taklifimiz shundayki, chaqaloqlarni pediatr bilan birga nevropatolog va ortoped ham koʻrikdan oʻtkazsin. Shunda ulardagi ortopedik kasalliklarni erta aniqlab, bartaraf eta olamiz. Operativ muolajalar uchun ketadigan ortiqcha mablagʻ va ovoragarchiliklarning oldini olgan boʻlamiz.
Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.