Bu haqida Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligida mahalla tuzilmasiga oid elektron platformalar (ma'lumotlar bazasi, dasturlar)ni ishlab chiqish, ularni integratsiya qilishga oid normativ-huquqiy hujjatlarda berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan tashkil etilgan uchrashuvda aytib o'tildi.
Yig'ilishda muhim masalalardan biri sifatida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-dekabrdagi PF-29-son Farmoni va 2022-yil 19-yanvardagi PQ-92-son qaroriga muvofiq, mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish hamda yoshlar bilan ishlashning onlayn tizimini takomillashtirish vazifalari ijrosini ta'minlashda idoralararo muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh tashkil etilishi zarurligi hamda elektron platformalar integratsiyasini doimiy muvofiqlashtirib borish kerakligi ta'kidlab o'tildi.
— O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PF-6196-son Farmoniga muvofiq, Ichki ishlar vazirligiga “Smart mahalla” axborot dasturini ishga tushirish, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-fevraldagi PQ-4602-son qaroriga muvofiq, Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligiga “Mahalla” elektron ma'lumotlar bazasini takomillashtirish vazifasi yuklatilgan, — dedi Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vaziri o'rinbosari Botir Parpiev. Shuningdek, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi oldiga “Onlayn mahalla” dasturiy ta'minoti hamda “Onlayn mahalla” elektron platformasini ishlab chiqish vazifasi qo'yilgan.
O'zaro muloqot davomida o'rtaga tashlangan takliflar asosida barcha davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari uchun foydalanish majburiy bo'lgan, identifikatsiyalashning unikal (ID) raqamiga ega mahalla ma'lumotnoma va klassifikatorlar yagona registri hamda har bir mahalla fuqarolar yig'inlarining raqamli pasportlari yagona bazasini ishlab chiqish bo'yicha zarur choralar belgilab olindi.