O'zbekiston banklari Assotsiatsiyasi binosida tijorat banklari va bir qator IT-kompaniyalar ishtirokida “Raqamlashtirish va IT—Yangi O'zbekiston taraqqiyotining muhim salohiyatidir” mavzusida bank-moliya forumi bo'lib o'tdi. Unda qatnashchilar nafaqat IT sohasiga oid yangiliklar, balki ana shu sohaning banklar tizimiga joriy etayotgan raqamli loyihalari bilan tanishdi.

Aniqrog'i, ishtirokchilar tomonidan raqamli iqtisodiyotning eng so'nggi namunalari taqdim etildi. Masalan, “Agrobank” AJ o'zining “Smart Office” dasturi taqdimotini qilar ekan, bu O'zbekistonda yangilik ekani ta'kidlandi.

— Bu tajribani dunyo bo'yicha faqat BAAda ko'rganmiz va O'zbekistonda birinchi shunday tizimdir, — deydi “Agrobank” AJ Bank kartalariga xizmat ko'rsatish departamenti direktori Zafarjon Mamajonov. — “Smart Office” loyihasidan ko'zlangan maqsad mijozlar bankka bormasdan hamda bankning ish rejimi va dam olish kunlariga bog'liq bo'lmagan holda xizmatlaridan foydalanishlari imkoniyatini yaratishga qaratilgan. Bunday ofislar har kuni 24 soat davomida ochiq bo'ladi va mijozlarga robot-qurilmalar xizmat ko'rsatadi. Barcha turdagi bank xizmatlarini maxsus raqamlashtirilgan qurilmalar orqali bajarish mumkin. Hozirda ilk “Smart Office” Toshkent va Nukus shaharlarida ish boshladi. Yil oxirigacha barcha viloyatlarda 170 ta shunday nuqtalar ochiladi.

Bugun mamlakatimizda iqtisodiyotning barcha sohalarini raqamli texnologiyalar asosida yangilash jarayoni jadal kechmoqda. Prezidentimizning tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Raqamli O'zbekiston—2030” dasturi hayotga tatbiq etilyapti. Ayniqsa, oxirgi besh yilda AKT sohasida innovatsion startap-loyihalarni qo'llab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish, shu jumladan, texnoparklarni yaratish, venchur kapital bozorini rivojlantirish, biznes akseleratorlari va inkubatorlarini tashkil etishga katta e'tibor qaratilmoqda.

Bu bank-moliya tizimini transformatsiya qilish jarayonlarini yanada jadallashtirishga xizmat qiladi.