1970-yilda tashkil etilgan ushbu jurnal fan, tarix, madaniyat va muzeyshunoslik sohalarida xalqaro miqyosda nufuzli ilmiy-ommabop nashr hisoblanadi. Uning reytinglariga kiritilish loyihalar uchun jahon darajasidagi yuksak ekspert bahosining belgisi sifatida qaraladi.

Nufuzli reytingga, shuningdek, Lucas Museum of Narrative Art (Los-Anjeles), National Geographic Museum of Exploration (Vashington, D.C.), London Museum (London), MoN Takanawa: The Museum of Narratives (Tokio), The Hip Hop Museum (Nyu-York) va Kanal–Centre Pompidou (Bryussel) kabi mashhur muzey loyihalari ham kiritilgan. Bu esa Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini jahon miqyosidagi eng yirik muzey tashabbuslari bilan bir qatorga qoʻyadi.
Nashr maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi 2026-yil mart oyiga rejalashtirilgan. Smithsonian Magazine taʼkidlashicha, uch qavatli muzey majmuasi keng koʻlamli koʻrgazma maydonlari, Renessans davri zallari, shuningdek, turli tarixiy davrlarda yaratilgan Qurʼoni Karimning 114 ta qoʻlyozma nusxasidan iborat noyob toʻplamni oʻz ichiga oladi. Ular orasida VII asrga mansub Usmon Qurʼoni — dunyoda saqlanib qolgan eng qadimiy muqaddas kitob nusxalaridan biri ham mavjud.
Jurnal markazda zamonaviy raqamli texnologiyalar keng qoʻllanilishini alohida qayd etadi. Xususan, sunʼiy intellekt asosida yaratilgan “jonli portretlar” orqali tashrif buyuruvchilar buyuk islom olimu mutafakkirlari bilan virtual muloqot qilish imkoniyatiga ega boʻladilar.
Islom sivilizatsiyasi markazi tarkibida, shuningdek, islomiy merosni oʻrganishga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot instituti, qadimiy qoʻlyozmalarni restavratsiya qilish laboratoriyalari hamda 460 oʻrinli xalqaro konferensiya zali faoliyat yuritadi. Bu esa markazning jahon darajasidagi koʻp funksiyali ilmiy-maʼrifiy va madaniy makon sifatidagi maqomini belgilaydi.
Smithsonian Magazine majmua arxitekturasiga ham alohida eʼtibor qaratadi. Unda Temuriylar davriga xos anʼanaviy Markaziy Osiyo uslubi va zamonaviy arxitektura yechimlari uygʻunlashgan. Balandligi 65 metrga teng boʻlgan koʻk gumbaz islom sivilizatsiyasining ilmiy-maʼnaviy merosi ulugʻvorligi va chuqur ramziy maʼnosini ifoda etadi.
Smithsonian Magazine tomonidan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining dunyoda eng kutilgan muzeylar roʻyxatiga kiritilishi mamlakatning jahon merosiga qoʻshgan ilmiy, maʼnaviy va madaniy hissasining muhim xalqaro eʼtirofi, shuningdek, Oʻzbekistonning global madaniy makondagi nufuzi tobora oshib borayotganining tasdigʻi sifatida baholanmoqda.
Islom sivilizatsiyasi markazi axborot xizmati
Hamkorlik materiali