“Kurmangazi” chegara oʻtish punktida yuk mashinalarining toʻplanib qolishi oʻrganilmoqda

    Oʻzbekiston Transport vazirligi Qozogʻiston Transport vazirligi va boshqa tegishli idoralari bilan muzokaralar olib bordi.

    Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

    Muzokaralarda ikki masala koʻrib chiqildi.

    • Birinchisi, shu yilning 3-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi chegarasidagi (Qozogʻistonning Turkiston viloyati, Sariyogʻoch tumani) “S.Najimov – Kazigurt” nazorat-oʻtkazish punktida oʻzbek haydovchisiga jarohat yetkazish bilan bogʻliq hodisa.
    • Ikkinchisi, “Kurmangazi” chegara oʻtish punktida Astraxan shahri (Rossiya) yoʻnalishida yuk avtotransport vositalarining toʻplanib qolish holati.

    Muzokaralarda qozoq tomoni oʻzbek haydovchisiga jarohat yetkazish bilan bogʻliq hodisa tegishli organlar tomonidan nazoratga olingani, hozirda Turkiston viloyati, Sariyogʻoch tuman politsiya boʻlimi tomonidan tergov surishtiruv ishlari olib borilayotgani va Qozogʻiston Respublikasi JKning 293-moddasi bilan ish qoʻzgʻatilganligi, gumondor shaxs Qozogʻiston fuqarosi qidirilayotganligini maʼlum qildi.

    “Kurmangazi” chegara oʻtish punktida avtotransport vositalarining toʻplanib qolishi holatini oldini olish boʻyicha esa qozoq tomoni barcha tegishli choralarni koʻrmoqda.