U terma jamoa safida 1994-yilgi Osiyo o‘yinlarida g‘olib bo‘lgan.

O‘zbekiston terma jamoasi sobiq futbolchisi, 1994-yilgi Osiyo o‘yinlari g‘olibi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi va murabbiy, futbol faxriysi Abdusamat Do‘rmonov vafot etdi, deya xabar bermoqda O‘FA.

Abdusamat Do‘rmonov 1965-yil Surxondaryo viloyati Termiz shahrida tug‘ilgan. Futbolchilik faoliyati davomida “Surxon”, “Lokomotiv”, “Paxtakor” va “Neftchi” klublarida to‘p surgan.

U 1992−1994-yillarda O‘zbekiston milliy jamoasiga chaqirilgan, 1994-yil Yaponiyada o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida g‘olib bo‘lgan. 2002-yilda esa faoliyatini yakunlagan.

Do‘rmonov shundan so‘ng “Neftchi”, “Yozyovon lochinlari” va “Istiqlol” kabi klublarda murabbiy sifatida ishlagan. 2015-yilning dekabr oyidan buyon “Neftchi”da murabbiy sifatida ishlab kelayotgandi.