Qayd etilishicha, sudlanuvchi vazir lavozimida ishlash chogʻida rasmiy hujjatlarga soxta maʼlumotlar va yozuvlar kiritib, soxta hujjatlar tuzish, ulardan foydalanib, xoʻjalik yurituvchi subyektlar orqali pul mablagʻlarini naqdlashtirib, ularni uyushgan guruh aʼzolari oʻrtasida taqsimlash orqali moddiy daromad orttirish bilan shugʻullangan.
Sud hukmiga koʻra, Muzaffar Saliyev Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a,v” bandlari (Juda koʻp miqdorda va uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab, oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi 2-qismi “a,b” bandlarida (Mansab soxtakorligi / takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan / uyushgan guruh manfaatlarini koʻzlab) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
JKning 59-moddasi tartibida tayinlangan qoʻshimcha jazoni toʻliq qoʻshish, asosiy jazolarni qisman qoʻshish yoʻli bilan uzil-kesil unga 3-yil muddatga mansabdor va moddiy javobgar shaxs lavozimida ishlash huquqidan mahrum qilib, 7-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, aybdorlardan 63 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻni davlat foydasiga solidar tartibda undirish, Saliyev nomiga rasmiylashtirilgan Lada Pickup, Tracker avtomobillari, 2 ta xonadon, bitta hovli, 14,6 ming dollarlik mablagʻi yetkazilgan zararni qoplashga qaratilishi belgilangan.
Jazo umumiy tartibli koloniyalarda oʻtattirilishi va bu muddat 2023-yil 6-aprel sanasidan hisoblanishi qayd etilgan.