Murojaatda taʼkidlanishicha, X.Jalilova 2000-2012-yillar mobaynida Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tizimlarida turli lavozimlarda ishlab kelgan. Biroq 2012-yilda oʻtkazilgan xizmat tekshiruvida uning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansub emasligi xulosa qilinib ishdan boʻshatilgan. Shundan soʻng, X.Jalilova 8 yil mobaynida ishga tiklanish boʻyicha koʻplab davlat idoralariga qayta va qayta murojaat qiladi.

Uzoq urinishlar natijasida 2020-yilning mart oyida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining ajrimiga muvofiq, Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan xizmat tekshiruvi gʻayriqonuniy deb topilib, X.Jalilovani Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tergov boʻlimi katta tergovchisi lavozimiga tiklanishi belgilandi.

Lekin Oliy sud qarorining ijrosi oʻz vaqtida taʼminlanmadi. Shundan soʻng, sobiq IIV xodimasi Ombudsmanga murojaat qiladi. Vakil tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida aniqlanishicha, Oliy sud qarori daʼvogarning Qirgʻiziston Respublikasida fuqaroligi bor yoki yoʻqligi aniqlanayotgani vaji bilan ijro qilinmagan.

Masalani hal etish maqsadida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili Qirgʻiziston Ombudsmeniga murojaat qilib, X.Jalilovaning fuqaroligiga aniqlik kiritdi. Shundan soʻng, toʻplangan maʼlumotlar asosida ishga tiklash boʻyicha vakil xulosasi Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziriga yuborildi.

Ichki ishlar vazirligining 2021-yil 8-yanvardagi javob xatiga muvofiq, X.Jalilova bor maxsus unvoni bilan IIV kadrlar safiga qoʻshilib, oradagi uzilish davrini xizmat muddatiga qoʻshgan holda xizmatga tiklangan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari

boʻyicha vakili (ombudsman)

matbuot xizmati