“SOCAR” kompaniyasi bilan ahdlashuv bayonnomasi imzolandi

    Sanoat 1 Iyun 2023 1403

    Avval xabar berilganidek, “Oʻzbekneftgaz” AJ delegatsiyasi Boku energiya haftaligi doirasida oʻtkazilayotgan koʻrgazma va konferensiyada ishtirok etyapti.

    Forum doirasida “Oʻzbekneftgaz” AJ rahbariyati Ozarbayjon Respublikasi “SOCAR” Davlat neft va gaz kompaniyasi prezidenti Rovshan Nadjaf bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Muzokaralar chogʻida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishning bugungi holati, hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari muhokama etildi.

    Xususan, neft va gazni hamkorlikda izlash va qazib olish, turli yoʻnalishlarda faoliyat olib borayotgan xodimlar oʻrtasida doimiy tajriba almashish va malakasini oshirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

    “SOCAR” kompaniyasi mutaxassislarining yuqori tajribasini hisobga olgan holda Ozarbayjon tomoniga “Oʻzbekneftgaz” AJning seysmik qidiruv ishlari va burgʻilash qurilmalarini nazorat qilishda ishtirok etish taklif etildi.

    Suhbat chogʻida savdo operatsiyalarini birgalikda tashkil etish toʻgʻrisidagi loyihani amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Uchrashuv yakunida tomonlar savdo boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etishni nazarda tutuvchi ahdlashuv bayonnomasini imzoladilar, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.

    Eslatib oʻtamiz, “Kaspiy neft va gazi – Caspian Oil & Gas 2023” xalqaro koʻrgazma va konferensiyasi neft-gaz va energetika sohalarida keng koʻlamli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkonini beruvchi platforma hisoblanadi.

    Ushbu nufuzli tadbirda“Oʻzbekneftgaz” AJ uzoq yillik hamkori “SOCAR” kompaniyasining taklifiga binoan oʻz stendi bilan ishtirok etyapti.