Maʼlumotlarga koʻra, bugun dunyoda 50 foiz erkak aynan soch toʻkilishidan aziyat chekmoqda. Bu, albatta, bir necha omillar bilan bogʻliq. SSV Matbuot xizmati ushbu mavzuga doir savollar bilan Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori oʻrinbosari Ilhom RAHIMOVga murojaat qildi.
— Soch toʻkilishi har kuni va har kim bilan roʻy beradigan jarayon boʻlib, inson kuniga oʻrtacha 60-100 tola soch yoʻqotadi, — deydi I.Rahimov. — Boshda oʻrta hisobda 50 mingdan 150 mingtagacha soch tolasi boʻlishi meʼyor hisoblanadi. U follikuladan oʻsib chiqadi. Follikula ostida esa soch qopchasi joylashgan boʻlib, u yerda soch ildizi rivojlanadi.
Soch qopchasida yangi tola paydo boʻla boshlaganda, eskisi toʻkilib ketadi. Bu esa tabiiy jarayon hisoblanadi. Oʻrtacha 2 yildan 4 yilgacha yashaydigan soch tolasi asosan kunduzi va koʻproq bahor hamda yoz oylarida nisbatan tezroq oʻsadi.
Soch – inson tanasidagi eng nozik va eng “jonkuyar” aʼzolardan biri. Chunki uning toʻkilishiga organizmning boshqa aʼzolari kasallanishi yoki asab tolalarining taranglashishi sabab boʻladi.
Uning meʼyoridan ortiq toʻkilishi, avvalo, nerv tizimining zoʻriqishi tufayli boshlanadi. Qolaversa, ichki sekretsiya bezlari, jigar, meʼda-ichak yoʻli aʼzolari faoliyatining buzilishi, vitamin yetishmasligi yoki soch folikulalaridagi tugʻma nuqsonlar ham bunga turtki boʻlishi mumkin.
Shuningdek, seboreya (yogʻ ajralishining buzilishi) natijasida sochning erta toʻkilishi ehtimoli mavjud. Tana haroratining baʼzi infeksion kasalliklar oqibatida uzoq vaqt yuqori boʻlishi, zaxm va ogʻir operatsiyalardan soʻng ham soch tez toʻkilishi mumkin. Shu bilan birga, bosh terisiga zamburugʻ yuqqanida, sochlarimizdan ayrilishimiz hech gap emas.
Asabiylik, jismoniy charchoq va boshqalar oqibatida koʻpincha soch uya-uya yoki dumaloq-dumaloq boʻlib toʻkiladi. Bundan tashqari, toliqish va uyqusizlik oqibatida ham soch kamayishi kuzatiladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati