Joriy yilning 15-avgustida Rossiyaning Sochi shahrida professional boks boʻyicha oʻtkazilishi kutilayotgan reyting janglariga oʻzbekistonlik charm qoʻlqop ustalari, jumladan, 2016-yilgi olimpiya oʻyinlarining bronza medali sohibi Rustam Toʻlaganov yarim ogʻir vaznda (79 kg) WBC International kamari uchun 10 raundlik jangda rossiyalik Sergey Yekimovga qarshi ringga koʻtarilishi lozim edi.
Rustam Toʻlaganovning ushbu jangda ishtirokini soʻrab, Rossiya boks federatsiyasi rahbariyati rasmiy taklifnoma bilan murojaat etgan, Oʻzbekiston boks va professional boks federatsiyalarining bildirishi asosida Rustam Toʻlaganovning Rossiyadagi professional boks bahslarida qatnashishiga Oʻzbekistondagi maxsus komissiya tomonidan ruxsat ham berilgandi.
Biroq, Oʻzbekiston professional boks federatsiyasi bosh kotibi Bekzod Soliyevning aytishicha, soʻnggi pallada Sochi musobaqalari tashkiliy qoʻmitasi Toʻlaganov – Yekimov uchrashuvini nomaʼlum muddatga qoldirganligini bildirib, shu boisdan Oʻzbekiston boks delegatsiyasining Rossiyaga kelishini savol ostida qoldirdi.
Rustam Toʻlaganovning yarim ogʻir vaznda (79 kg) WBC International kamari uchun rossiyalik Sergey Yekimovga qarshi jangi endi qachon boʻlishi hozircha nomaʼlum. Olimpiya oʻyinlarining sovrindori boʻlgan hamyurtimiz ayni paytda Toshkentdagi boks maktabida reja asosida mashgʻulotlarni davom ettirmoqda.
Toʻlqin ROʻZIYEV.