Soddalashgan davlat xizmatlari

    Bundan bir necha yil ilgari garchi “yagona darcha” tamoyili yo'lga qo'yilgan bo'lsa-da, davlat xizmatlarini ko'rsatishning milliy tizimi maqtanarli darajada emasdi.

    Yagona darcha imkoniyatidan faqat tadbirkorlik sub'ektlarining foydalanishi mumkinligi, fuqarolarning turli davlat organlarida hujjatlarni rasmiylashtirish bo'yicha murakkab tartib-taomillardan o'zlari o'tishga majbur bo'lishi kabi muammolar bu tizimni sifat jihatidan yangi bosqichga o'tishiga to'sqinlik qilar edi.

    Qolaversa, qator davlat organlarida axborot tizimlari, resurslar va ma'lumotlar bazalarining mavjud emasligi, ularda idoralararo integratsiya qilinishining sustligi jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan barcha davlat xizmatlari majmuasidan qulay va o'z vaqtida foydalanishga imkon bermasdi. Uning ustiga aksariyat davlat xizmatlari ko'rsatish tartibining murakkab va foydalanish uchun noqulayligi oddiy aholiga qiyinchilik tug'dirar edi.

    Shularni hisobga olgan holda Prezidentimizning 2017 yil 12 dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari ko'rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni bilan Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi. Sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirish, davlat xizmatlari ko'rsatish taomillarini soddalashtirish, idoralararo elektron hamkorlikni rivojlantirish hamda davlat xizmatlari yagona reestrini shakllantirish kabilar Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilandi.

    Hash-pash deguncha, Agentlik tashkil etilganiga ham uch yil bo'ldi. Xo'sh, uch yil davomida aholiga davlat xizmatlarini tez va sifatli ko'rsatish borasida qanday islohotlar amalga oshdi? Davlatimiz rahbarining “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan g'oyasi amalda qaysi o'zgarishlarda ko'rinmoqda?

    Hujjatlar soni 167 tadan 79 taga qisqardi

    Davlat xizmatlari ko'rsatishda ilk bora umumrespublika bo'yicha xizmat ko'rsatishning eksterritorial tamoyili hamda tadbirkorlik sub'ektlarini ro'yxatdan o'tkazish bilan bir vaqtda onlayn bank hisobraqamlarini ochish mexanizmi yo'lga qo'yilib, muhr va shtamplardan foydalanish majburiyati bekor qilindi.

    Amalga oshirilgan sa'y-harakatlar natijasida 2019 yil yakuni bo'yicha Jahon bankining e'lon qilingan “Biznesni yuritish” reytingining “biznesni ro'yxatdan o'tkazish” indikatorida O'zbekiston Respublikasi 190 ta davlatlar ichida 8-o'rinni egalladi.

    Davlat xizmatlari markazlari orqali 2018 yilgacha bo'lgan davrda faqat tadbirkorlik sub'ektlariga 37 turdagi davlat xizmatlari ko'rsatilgan bo'lsa, bugungi kunda ushbu xizmatlar soni qariyb 150 tani tashkil qilmoqda. 2017 yilda tadbirkorlar 170 mingdan ortiq davlat xizmatlaridan foydalangan bo'lsa, shu o'tgan 3 yilda jismoniy va yuridik shaxslarni davlat xizmatlari ko'rsatish bo'yicha 25 mln.dan ortiq murojaatlari qabul qilindi. Bundan tashqari, davlat xizmatlarini ko'rsatish sohasiga doir 103 ta qonun hujjati ishlab chiqildi, ayrim xizmatlar soddalashtirildi. Davlat xizmatlari ko'rsatishga oid 70 dan ortiq ma'muriy reglamentlar qabul qilingani hamda, buning natijasida, talab etiladigan hujjatlar soni 167 tadan 79 taga kamaytirilgani, xizmat ko'rsatish muddati ham 465 kundan 245 kunga qisqartirilganini ta'kidlash joiz.

    Filiallar soni ortdi

    Bilamiz, respublikaning chekka hududlarida yashovchi aholi uchun tug'ilganlik haqida guvohnoma olish, nafaqaga chiqish kabi hujjatlarni to'g'rilash bir muncha qiyinchilik tug'diradi. Ularni rasmiylashtirish uchun necha-necha kilometr yo'l bosib markazga kelishlari talab qilinardi. Ishi bitib, uyiga qaytguncha kun botib ketar edi. Tuman markazidan uzoqda (100-300 km) joylashgan hududlarda hamda aholining ehtiyojlaridan kelib chiqib, davlat xizmatlari markazining filiallari faoliyati yo'lga qo'yildi. Bugungi kunda ularning soni 100 dan oshdi, ko'rsatilgan xizmatlar soni qariyb 80 mingdan oshdi.

    Bunda asosiy e'tibor aholiga engillik yaratish, ularning vaqtini tejash, navbat kutib qolish holatlarini kamaytirishga qaratildi va ushbu maqsadlar uchun filiallar zamonaviy komp`yuter va sifatli internet bilan to'liq ta'minlandi.

    Bundan tashqari, tizimga mobil` davlat xizmatlari tushunchasi kiritildi. Bunda transport uncha yaxshi yo'lga qo'yilmagan, chekka va tog'li hududda yashovchi aholi uchun maxsus jihozlangan transport vositalari yordamida mutaxassislar borib, sayyor davlat xizmatlarini ko'rsatadi. SHu kungacha maqbul, qulay va shaffof uslublaridan foydalangan holda respublika bo'yicha 530 mingga yaqin sayyor xizmatlar ko'rsatildi.

    Turnaqator navbatlar kamaydi

    Davlat xizmatlari ko'rsatishda ko'zga tashlanadigan asosiy muammo insonlarning soatlab navbat kutishi, bu jarayonda ko'plab ko'ngilsizliklar, kelishmovchiliklarning yuzaga kelishi edi. Bu ayniqsa, har yili bo'ladigan oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlari oldidan hujjat topshirish jarayonlarida ko'zga tashlanardi.

    SHuni hisobga olib talabgorlarning hujjatlarini hududiy davlat xizmatlari markazlari orqali olish tizimi yo'lga qo'yildi. Birgina 2019 yilda qariyb 120 ming nafar abiturientning hujjati qabul qilindi, qabul jarayonida navbat bilan bog'liq muammolarning oldini olish maqsadida dam olish kunlari, shuningdek 24 soat mobaynida xizmatlar ko'rsatildi.

    Davlat xizmatlarini onlayn olishda yanada qulayliklar yaratish maqsadida elektron raqamli imzo sertifikatini onlayn olish imkoniyati yaratildi. Bunda fuqarolar markazlarga bormagan holda masofadan turib davlat xizmatini olishi mumkin.

    Bilamiz, oilada farzand dunyoga kelgach, u bilan bog'liq hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni ham boshlanadi. Ilgari tug'ilish bilan bog'liq bo'lgan besh turdagi davlat xizmatlarini olish uchun ota yoki ona beshta joyga sarson bo'lib yugurardi. endilikda bu jarayon bir vaqtning va bir joyning o'zida hal etiladigan bo'ldi. YA'ni FHDYO organi orqali turkum (kompozit) tarzda ko'rsatish tartibi joriy etilib, bir vaqtning o'zida tug'ilishni qayd etish, bolani poliklinikada ro'yxatga qo'yish, turar joyi bo'yicha hisobga olish, suyunchi pulini tayinlash hamda davlat maktabgacha ta'lim muassasasiga navbatga qo'yish xizmatlari qamrab olindi. Tug'ilganlik bilan bog'liq kompleks davlat xizmatlari ko'rsatilishining yo'lga qo'yilishi bilan 15 dan ortiq hujjat qisqarib, 4 ta idoraga borishga chek qo'yildi. Bugungi kunga qadar 60 mingga yaqin fuqaro ushbu qulaylikdan foydalandi.

    Tadbirkorlik sub'ektlarini ro'yxatdan o'tkazish bilan bir vaqtda 30 ta tijorat bankda onlayn hisobraqamlar ochish imkoniyati yaratildi. endi tadbirkorlar o'z firmalarini ro'yxatdan o'tkazib bo'lgach, hisobraqam ochish uchun bankma-bank yurmaydi, navbatlarda sarg'ayib turmaydi. Davlat xizmati uchun to'lov qilishdagi muammolarni bartaraf etish maqsadida 84 ta markazda pay.davxizmat.uz elektron to'lov tizimi orqali naqd pul qabul qilish mexanizmi joriy etilgani ham tizimdagi muhim yangiliklardan biridir.

    Shaffof to'lovlar

    Har bir sohada bo'lgani singari pul bilan bog'liq masalalarda, to'lov jarayonlarida ham aniqlik, oshkoralik va shaffoflik kerak. Davlat xizmatlari ko'rsatilishida to'lovlar haqida sms-xabar yuborilishining joriy qilinishi aholiga engillik berish bilan birga tizimga nisbatan ishonchini ham oshirdi. Hozirda davlat xizmatlari ko'rsatishning xar bir bosqichida to'langan pul mablag'lari haqidagi ma'lumot murojaat mualliflarining telefon raqamlariga sms-xabar tarzida kelib turadi.

    Tizim shaffof bo'lishida xodimlarning ishga yondashuvi ham katta rol o'ynaydi. SHuni hisobga olib korruptsiyaga yo'l qo'ymaslik, bunga shart-sharoitlar yaratilishini oldini olish, shuningdek, tizimda faqatgina halol va pok xodimlar faoliyat yuritishini ta'minlash maqsadida e'tiborga molik ishlar amalga oshirildi.

    Xususan, respublika bo'yicha 1 438 nafar Davlat xizmatlari markazlari xodimlari navbatdan tashqari attestatsiyadan va qayta attestatsiyadan o'tkazilib, jami 260 nafar markaz xodimlari egallab turgan lavozimiga noloyiq deb topildi. Bo'sh o'rinlarga malakali va mehnatsevar xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tizimi yo'lga qo'yildi.

    Ayni vaqtda Fuqarolik holatlari dalolatnomalarni yozish (FHDYO) organlari xodimlarini navbatdan tashqari atestatsiyadan onlayn tarzda o'tkazilmoqda.

    SHuningdek, Davlat xizmatlari agentligi hamda Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi o'rtasida o'zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

    Memorandum doirasida davlat xizmatlari ko'rsatish sohasida korruptsiyaviy huquqbuzarliklarni o'z vaqtida aniqlash, ularga barham berish, ularning oqibatlari, ularga olib keluvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korruptsiyaviy huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi tamoyilini ta'minlash choralarini ko'rish va boshqa ishlarni amalga oshirish rejalashtirildi.

    Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuborilgan arizalar ko'rib chiqilishida vakolatli organlar tomonidan qonunbuzilishiga yo'l qo'yganlik holati bo'yicha fuqarolar tomonidan mustaqil ravishda Agentlikka xabar berish imkoniyati ham faoliyatda shaffoflikni ta'minlashga xizmat qilmoqda.

    O'z-o'ziga xizmat ko'rsatish

    Aholining elektron davlat xizmatlaridan foydalanish ko'nikmalarini shakllantirish maqsadida Davlat xizmatlari markazlarida o'z-o'ziga xizmat ko'rsatish burchaklari tashkil etildi.

    Davlatimiz rahbarining joriy yil noyabr` oyida Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida Qarshi shahar Davlat xizmatlari markazida fuqarolarimizga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib chiqish jarayonida bergan ko'rsatmalari asosida "Qarshi tajribasi" loyihasiga start berildi.

    "Qarshi tajribasi" asosida davlat xizmatlaridan foydalanish ko'nikmalarini mahallalarda, shuningdek voyaga etib kelayotgan yoshlarda ham to'liq tushuncha hosil bo'lishiga harakat qilinmoqda. Davlat xizmatlari agentligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan maxsus ishchi guruhlar tashkil etib, Qarshi shahridagi mahallalarda, maktablarda masofadan turib davlat xizmatlaridan foydalanish bo'yicha maxsus treninglar o'tkazilmoqda.

    Treninglar davomida xodimlar tomonidan YAgona interaktiv davlat xizmatlari portalida ro'yxatdan o'tish, elektron raqamli imzoni olish, soliq to'lovchining identifikatsion raqami (STIR)ni aniqlash va olish haqida batafsil ma'lumotlar berilmoqda.

    Davlat xizmatlari markazlarida internetga ulangan komp`yuterlar yordamida markazlarga tashrif buyurgan fuqarolarga, ularning xohishiga ko'ra, elektron xizmatlardan foydalanish tartibi tushuntirilmoqda. elektron davlat xizmatlaridan foydalanish bilim va ko'nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish bo'yicha joylarda mahalla fuqarolari yig'inlari hamda ta'lim muassasalari mas'ul xodimlari uchun mahorat darslari yo'lga qo'yildi.

    Raqamlashtirish jarayoni

    FHDYO organlarining mavjud 60 mln.ga yaqin arxiv ma'lumotlarining 90 foizi raqamlashtirildi. Ularda gerbli guvohnomalarni “FHDYO yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali elektron ko'rinishda QR-kodli blankalarda chop etish tizimi yo'lga qo'yildi. Buning uchun FHDYO organlari maxsus printer va komp`yuter qurilmalari bilan ta'minlandi. Bu esa aholi og'irini engil qilish bilan birgalikda sohada korruptsiyaning avj olishiga ham to'sqinlik qiladi.

    Jamoatchilik bilan qayta aloqa

    Jamoatchilik bilan mustahkam aloqani yo'lga qo'yish, fuqarolarimizning bildirayotgan takliflari, fikr-mulohazalari, murojaatlariga tezkorlik bilan echim topish maqsadida Agentlikning “Facebook” ijtimoiy tarmog'ida rasmiy sahifasi ochildi, shuningdek “Ishonch telefoni” (1148) va @davxizmataloqa_bot qayta aloqa telegram boti tashkil etildi.

    Birgina “1148” qisqa raqamli Ishonch telefoni va @davxizmataloqa_bot qayta aloqa telegram boti orqali o'rtacha bir kunda 500 ga yaqin jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari qabul qilinib, real vaqt rejimida tezkorlik bilan munosabat bildirilib kelinmoqda.

    Imkoniyati cheklanganlar uchun xizmatlar

    Imkoniyati cheklangan shaxslar ham e'tibordan chetda qolgani yo'q. Joriy yilning noyabr` oyidan boshlab ayrim tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlarida sinov tariqasida “surdo-online” planshetlari ishga tushirildi. “Surdo-online” planshetlari internetga ulangan bo'lib, bevosita onlayn tarzda doimiy ravishda ishlaydi va shu vaqtning o'zida operatorga tarjima qiladi. Ushbu tizimni Davlat xizmatlari markazlarida joriy qilish orqali eshitishi va gapirishida nuqsoni bor shaxslar bilan to'laqonli muloqotni ta'minlaydi. Kelgusida ushbu tizimni respublikamizning barcha hududlarida joylashgan Davlat xizmatlari markazlarida hamda FHDYO organlarida keng joriy qilish nazarda tutilgan.

    Ulug'bek MUHAMMADIEV,

    Davlat xizmatlari agentligi direktori