– Avvalo, mazkur anjuman shu kunlarda butun dunyo hamjamiyati eʼtibori markazida turganini taʼkidlash joiz.

Bundan 15 yil oldin BMT davrning eng muhim muammolaridan biri – xalqaro terrorizmga qarshi global strategiya ishlab chiqdi. Zero, bu illat har bir millat, xalq, mintaqada barqaror rivojlanishga, tinch aholiga jiddiy tahdid sifatida qabul qilinadi. Bu masalada barcha mamlakatlar, xalqaro tuzilmalar, nodavlat tashkilotlar birgalikda harakat qilishi lozim. Hech bir davlat mustaqil ravishda bu muammoni hal eta olmaydi.

Mazkur yuqori darajadagi konferensiya aynan Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgani ham ramziy maʼnoga ega. Nima uchun? Birinchidan, davlatimiz rahbari konferensiya ishtirokchilariga murojaatida ushbu global muammoni bartaraf etishga qaratilgan turli yoʻnalishlar boʻyicha aniq fikrlar bildirdi. Demak, terrorizmga qarshi kurash mamlakatimiz yetakchisining doimiy eʼtiborida.

Ikkinchidan, vaqt oʻtgan sari terrorizmning xususiyati oʻzgarib boryapti. Masalan, hozir kiberterrorizm tushunchasi paydo boʻlgan, kripto valyuta bilan bogʻliq vaziyatni nazorat qilish ancha qiyin kechmoqda. Mintaqamizda ham bu omillar terrorchilik faoliyatini moliyalashtirishga xizmat qilishi hech gap emas.

Uchinchidan, Prezidentimiz taklifiga binoan, muammoning yechimi birinchi navbatda yoshlarni toʻgʻri yoʻlga boshlash, ular bilan faol ishlash maqsadga muvofiq. Bilamiz, terrorchi guruhlar, asosan, hayotiy tajribasiz yoki dunyoqarashi zaif yoshlarni oʻz safiga jalb qilishni koʻzlaydi.

Qolaversa, anjumanda qatnashgan xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy ekspertlar Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilayotgan tashabbus va takliflarni faol qoʻllab-quvvatladilar. Yalpi majlis yakunida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Mazkur hujjat Oʻzbekiston diplomatiyasining katta yutugʻidir.

Manba