Har qanday sanoat korxonasining taraqqiyotida fan va innovatsiya muhim ahamiyatga ega. Ilm-fan yutuqlarini sanoatga tatbiq etish, pirovardida esa iqtisodiy taraqqiyotga erishish har bir yirik sanoat korxonasining asosiy strategik yo'nalishi hisoblanadi. Ayniqsa, hozirgi texnika asrida ilm-fan yutuqlarini, innovatsion loyihalarni amaliyotga joriy etish davr talabi bo'lib qolmoqda.
Milliy matbuot markazida “Olmaliq KMK AJda fan va ishlab chiqarish integratsiyasi. YAngi texnologiyalar va yangi mahsulotlar” mavzusida o'tkazilgan brifingda ham shu haqda so'z bordi.
Ayni paytda OKMKda Fan va innovatsiya bo'limi tashkil etilgan bo'lib, samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Kombinat tomonidan yangi innovatsion texnologiyalar va yangi raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishni, mahalliy xom-ashyolardan unumli foydalanib, nafaqat ilg'or texnologiyalarni qo'llash, balki jarayonda qo'llaniladigan kimyoviy birikma va reagentlarni, ehtiyot qismlarni ham o'zimizda ishlab chiqarishni yo'lga qo'yishga e'tibor qaratilmoqda.
Kombinatda 40 dan ortiq tayyor mahsulotlar ishlab chiqariladi. Jarayonda14 ta kimyoviy element sof va birikma holida tayyorlanib, shundan 10 tasi asl, 4 tasi birikma holida (reniy, kaltsiy, oltingugurt va qo'rg'oshin), qolgan 10 tasi mis, rux, kadmiy, oltin, kumush, palladiy, tellur, selen, vol`fram va molibdenlardir.
— Bitta ma'dandan tayyor mis olish jarayoni 11 ta bosqichda amalga oshiriladi. Bu o'rtacha 32 soat davom etadi, — dedi kombinat bosh muhandisining ilm-fan bo'yicha o'rinbosari Abdurashid Hasanov. — Agar bunga yana 5 ta jarayon qo'shilsa, kumush va oltin olinadi. Bugungi kunda zamonaviy texnologiyalar hamda ilm-fan uyg'unligi asosida ma'danlardan ko'proq sof holdagi mis olishga erishilyapti. Kondagi texnogen chiqindilardan turli mahsulotlar olish yo'lga qo'yildi. Xususan, shu tarzda ishlab chiqarilayotgan temir kukunidan mis zavodida foydalanilyapti.
Kombinatda 2019-yil aprel oyida Koreya davlatining KIRAM nodir metallar instituti bilan hamkorlikda birinchi nodir metallar va qattiq qotishmalar O'zbek-Koreys ilmiy-texnologik markazi tashkil etildi. Markazning vazifasi yuqori tozalikdagi metallar olish texnologiyasini ishlab chiqish uchun ilmiy-tadqiqot faoliyati, shu jumladan, o'ta sof metallar — molibden, reniy, vol`fram va boshqalarni olish texnologiyasini ishlab chiqish, yuqori qo'shimcha qiymatga ega bo'lgan tovarlar ishlab chiqarishni tashkil etish bilan ularni qayta ishlash, yangi mahsulotlar olish uchun tadqiqot faoliyatini olib borishdan iborat.
Bugungi kunda ushbu markaz tomonidan muvaffaqiyatli izlanishlar natijasida jamoa nodir metallar asosidagi yangi tur mahsulotlarining ilk namunalarini ishlab chiqarishga muvaffaq bo'lishdi. Xususan, bo'lim Respublika hamda xorijiy ilmiy-tadqiqot institutlari va muassasalari bilan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Mazkur ilmiy ishlar ichidan Rossiya Federatsiyasining TOMS loyiha instituti bilan oksidlangan mis rudalarni va boyitish fabrikasi chiqindilarini qayta ishlash hamda mahalliy xomashyodan olein kislotasini va flotatsiya paytida ishlatiladigan ko'pirtirgich - T-92 reaktivini olish borasida bajarilayotgan ilmiy ishlarga urg'u bersak bo'ladi.
Ishlab chiqarishdagi muammolarga echim izlash borasida kombinat ishchi-xodimlari ham faol ishtirok etishmoqda. Bunday echimlarni ular o'z ratsionalizatorlik takliflarida aks ettirmoqdalar. Ishlab chiqarishga joriy qilingan ratsionalizatorlik takliflaridan kombinatda 2020 yilda 40,6 mlrd. so'm iqtisodiy samaraga erishildi.
Amalga oshirilayotgan ishlarning bosh maqsadi kombinat ishlab chiqarish jarayonida yanada samaradorlikni oshirishdir. Buning uchun OKMKda barcha manbalar, imkoniyatlar mavjud.