Koronavirusdan himoyalanishning eng asosiy qoidalari — ijtimoiy masofa saqlash, muloqotdan cheklanish, shaxsiy gigienaga amal qilish, niqob taqish, hech kim bilan qo'l berib ko'rishmaslik, qo'llarni tez-tez yuvish kabilardir. Bular qatori koronavirus yuqishining oldini olish bo'yicha bir qator muqobil yondashuvlar ham mavjud. Ayniqsa, bu jarayonda sog'lom turmush tarzi, to'g'ri ovqatlanish har qachongidan muhim.  

— Immun tizimi bakteriya, virus, zamburug', allergen, toksin va boshqa yot omil yoki hujayralar bilan samarali kurashishi uchun biz ham unga yordam berishimiz lozim, — deydi shifokor-reabilitolog Umida Holiqova. —  Noto'g'ri ovqatlanish, stress, kam harakatlilik, chekish, ichish, uyquning surunkali etishmovchiligi, antibiotiklarni tartibsiz ichish immunitet pasayishiga olib keladi. Immunitetni dori iste'mol qilish orqali oshirib bo'lmaydi. Bu o'z ustimizdagi tinimsiz mehnat mahsuli.

Mutaxassisning fikriga qo'shimcha qilib aytish mumkinki, immunitetni oshirishdagi dastlabki qadam — sog'lom ovqatlanishdir. O'zbekiston noto'g'ri ovqatlanganlik tufayli yuqori o'lim darajasi reytingida 1-o'rinda turadi. Bu nihoyatda achinarli holat. Mamlakatimizda xamirli, shakarli, yog'li ovqatlar ko'p iste'mol qilinishi, ertalabki oshlar, nonni issiq holda tanovul qilishni xush ko'rishimiz, ko'chadan ovqatlanish, tez tayyor bo'luvchi ovqatlarning ommalashishi muammolarni keltirib chiqarmoqda. Biroq bu masalaga “O'ldirsa ham osh o'ldirsin”, degan ma'noda panja ortidan qarab bo'lmaydi.

— Avvalo, ratsiondagi shakar, to'yingan yog'lar, un mahsulotlari, tuzni cheklashimiz kerak, fast-fud, konservantlarga boy, dudlangan oziq-ovqatlardan voz kechishimiz kerak, — deydi shifokor-reabilitolog Umida Holiqova. — Ularning o'rniga meva-sabzovotlar, sut va baliq mahsulotlarini iste'mol qilish maqsadga muvofiq. Ayniqsa, A, S va E vitaminlarga boy meva va sabzavotlarning immun tizimini yaxshi ishlashini ta'minlashda ahamiyati katta. Bu vitaminlar mevalardan apel`sin, limon, olma, kivi, sabzavotlardan karam, piyoz, sarimsoqpiyoz, sabzi, qizil bulg'or qalampiri, ko'katlardan petrushka, arpabodiyon, na'matak mevalari va zanjabilda ko'p. Hozirgi sharoitda profilaktika maqsadida zanjabil, sarimsoqpiyoz foydalanish mumkin. Zanjabilni to'g'rab, limon qo'shib damlanadi. Iliq xolda, ta'bga ko'ra asal solib kun davomida 3-4 marta ichish mumkin. Sarimsoqpiyoz va piyoz tarkibidagi fitontsidlar mikroblarni o'ldirish xususiyatiga ega. Xom holda me'yorda iste'mol qilish foydali. 

SHuningdek, stress — organizm xaddan tashqari ruhiy zo'riqishi immun tizimiga susaytiruvchi ta'sir ko'rsatadi. Ruhiy charchoq tufayli inson miyasidagi asab hujayralari o'lib boradi, gormonal buzilishlar yuzaga keladi. Sog'lom ovqatlanish, jismoniy faollik va sog'lom uyqu bilan kompleks qo'llab salomatlikka erishish mumkin. Bunday insonlar   virusli kasallikka chalinsa-da, kasallikni engil o'tkazadi va tez oyoqqa turadi.     

Xulosa o'rnida aytish lozimki, o'zimizning, qolaversa, yaqinlarimizning, butun xalqimizning  sog'lig'i — qo'limizda. Koronavirusni biz qat'iy intizom, ishonch, toza qo'llar va sof vijdon bilan engib o'tamiz.

                                                                                                        Sanobar JUMANOVA