Uchrashuv davomida Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Taʼkidlash joiz, soʻngi 5 yil mobaynida Oʻzbekiston bilan Koreya oʻrtasidagi ikki tomonlama aloqalar sifat jihatidan yangi strategik darajaga koʻtarildi. Hozirgi kunda Koreya Respublikasi bilan deyarli barcha sohalarda, jumladan, parlamentlararo hamkorlik yoʻnalishida aloqalar rivojlanib boryapti. Xususan, qonun ijodkorligi va nazorat faoliyati sohasida tajriba almashish, oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida Oliy Majlis Senatining Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik boʻyicha komissiyasi hamda “Koreya–Oʻzbekiston” parlamentlararo doʻstlik Assotsiatsiyasi samarali faoliyat yurityapti.
Muloqot davomida sogʻliqni saqlash yoʻnalishida yangi loyihalarni jumladan, hamkorlikda yangi klinikalar barpo etish, farmatsevtika klasterlarini ishga tushirish, hududiy tibbiyot muassasalarini ilgʻor texnikalar bilan taʼminlash yuzasidan fikr almashildi.
Davlatimiz rahbarining 2021-yil 16-18-dekabr kunlari Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida ikki mamlakat rahbarlari huzurida Sogʻliqni saqlash sohasida imzolangan hukumatlararo bitim mazkur yoʻnalishdagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga turtki boʻldi.
Qayd etish kerak, ayni paytda Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda sogʻliqni saqlash sohasida qator loyihalar amalga oshirilyapti. Xususan, poytaxtimizda ushbu mamlakat koʻmagida “Baum” korporatsiyasi loyihasi asosida qiymati 130 million dollardan ziyod boʻlgan Bolalar milliy tibbiyot markazi barpo etilishi alohida ahamiyatga egadir. Ayni paytda Koreya xalqaro sogʻliqni saqlash jamgʻarmasi (KOFIH) bilan hamkorlikda koʻplab loyihalar amalga oshirilyapti. Ularda jumladan, sogʻliqni saqlash hamda tibbiyot kadrlarini tayyorlash, soha mutaxassislari malakasini oshirish, turli kasalliklar diagnostikasini takomillashtirish kabi sohadagi muhim yoʻnalishlar qamrab olingan.
Suhbat chogʻida shuningdek, mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar, ushbu yoʻnalishdagi yutuqlar alohida qayd etildi.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat oʻrtasidagi parlamentlararo aloqalarni yanada kengaytirishga, oʻzaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.