Sog‘liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

    Hujjatlar 25 May 2021 10247

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Sog‘liqni saqlash tizimida davlat boshqaruvini takomillashtirish, birlamchi bo‘g‘inni kasalliklarni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylantirish, raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish, coha rivojlanishining yaqin va uzoq muddatli istiqbollarini belgilash, tibbiy xizmatlar hajmini oshirish va sifatini tubdan yaxshilash, raqobat va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, tibbiyot xodimlarining bilimini oshirish, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish maqsadida:

    1. Vazirlar Mahkamasi hamda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyatining asosiy faoliyat yo‘nalishlarini belgilash va quyidagi yangi boshqaruv tizimini joriy etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin:

    a) sog‘liqni saqlash vaziri A.M. Xadjibayev:

    vazirlik tizimi va idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, ular ishini samarali tashkil etishini ta’minlaydi, yuklatilgan vazifalar va funksiyalar to‘liq bajarilishi uchun shaxsan javob beradi, mazkur tashkilotlar bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi;

    shoshilinch tibbiy yordam, respublika tibbiyot (respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlaridan tashqari) hamda tibbiy ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etadi, rahbarlari faoliyatini baholaydi, lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi, ular uchun jihoz, dori va tibbiyot vositalari sotib olish bo‘yicha tenderlar o‘tkazish vakolatlarini, tizimda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan barcha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

    b) sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari A.Sh. Inoyatov:

    oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinika, tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va shifoxonasida (keyingi o‘rinlarda – birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari) tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishga va сифaтиga, ularni jihozlashga hamda tibbiyot xodimlarining bilim va malakasini oshirishga shaxsan mas’ul hisoblanadi;

    birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida shtatlar normativi, shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlariga malaka talablari, jihozlash standartlarini hamda davolash protokollarini tasdiqlaydi, shartnomalarni imzolaydi, ular rahbarlari faoliyatini baholaydi, nomzodlarni beradi, lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan takliflar kiritadi, ushbu muassasalar uchun jihoz, dori va tibbiyot vositalari sotib olish bo‘yicha tenderlar o‘tkazish vakolatlarini amalga oshiradi, ushbu muassasalar faoliyatiga oid qarorlar qabul qiladi;

    v) sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari A.A. Azizov:

    tibbiyot sohasida raqamlashtirish, moliyalashtirish, davlat-xususiy sheriklikni joriy qilish va rivojlantirishga shaxsan mas’ul hisoblanadi hamda mazkur masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi;

    yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun tenderlar o‘tkazadi, shartnomalar imzolaydi, raqamlashtirish, moliyalashtirish, davlat-xususiy sheriklik masalalari bo‘yicha davlat tibbiyot muassasalari rahbarlariga nomzodlarni beradi, lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan takliflar kiritadi, xalqaro moliya tashkilotlari bilan ishlash masalalari bo‘yicha mustaqil qarorlar qabul qiladi;

    g) sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari U.Yu. Sobirov:

    respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari (keyingi o‘rinlarda – respublika ixtisoslashtirilgan markazlari) va ko‘p tarmoqli viloyat shifoxonalarini isloh qilish, ularni birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari bilan bog‘lash hamda joylarda ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha shaxsan mas’ul hisoblanadi;

    respublika ixtisoslashtirilgan markazlari va ularning filiallari rahbarlariga nomzodlarni berish, rahbarlarni lavozimga tayinlash
    va lavozimidan ozod etish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan takliflar kiritish, ularni jihozlash bo‘yicha loyihalar ishlab chiqish, tenderlar o‘tkazish va shartnomalar tuzish, ushbu markazlarga byudjet mablag‘lari va bepul davolanishga orderlarni taqsimlash, shuningdek, davolash protokollarini tasdiqlash vakolatlarini amalga oshiradi;

    d) sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari E.I. Basitxanova:

    onalar va bolalarni xavf guruhlariga ajratib, ular bilan manzilli ishlashni tashkil etish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga shaxsan mas’ul hisoblanadi;

    onalik va bolalik masalalarida xalqaro tashkilotlar grantlarini jalb qilish, mablag‘larni taqsimlash, mahalliy ijro etuvchi organlar, mahalla, yoshlar, sport va ta’lim sohalaridagi davlat organlarining sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirib borish vakolatini amalga oshiradi.

    Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Xadjibayev) bir oy muddatda mazkur bandda ko‘rsatilgan asosiy yo‘nalishlar hamda joriy etilayotgan yangi boshqaruv tizimidan kelib chiqib:

    sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosarlarining aniq vazifalari va funksiyalari taqsimotini;

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan birgalikda hududiy sog‘liqni saqlash organlarining aniq vazifalari va funksiyalari taqsimotini tasdiqlasin;

    vazirlik markaziy apparatida investitsiyadan keyingi davrni monitoring qilish uchun amaldagi shtatlar soni doirasida mas’ul bo‘lgan tarkibiy bo‘linma tashkil etsin.

    2. 2021 yil 15 iyundan boshlab birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida dori va tibbiy buyumlar uchun biriktirilgan aholi jon boshiga ajratilgan mablag‘ miqdori o‘rtacha 3 baravarga oshirilsin.

    Moliya vazirligi (T.Ishmetov) ushbu maqsad uchun 2021 yil investitsiya loyihalarini maqbullashtirish hisobidan 165 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratsin hamda ushbu bandda nazarda tutilgan xarajatlar uchun zarur mablag‘larni 2022 yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida ko‘zda tutsin.

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (I.Norqulov, A.Boboyev), Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Xadjibayev) bilan birgalikda bir hafta muddatda tibbiyot sohasida investitsiya loyihalarini maqbullashtirish hisobiga har bir viloyat kesimida iqtisod qilinadigan mablag‘larni aniqlasin.

    3. Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Xadjibayev, A.Inoyatov):

    a) Davlat boshqaruvi akademiyasi (A.Bekmurodov) bilan birgalikda ilg‘or xorijiy tajriba asosida tibbiyot sohasida boshqaruv bo‘yicha ikki haftalik o‘quv kurslarini tashkil etsin va yil yakuniga qadar viloyat, tuman (shahar) tibbiyot boshqarmalari boshliqlarining o‘qitilishini ta’minlasin.

    Bunda, o‘quv kurslarini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar Tibbiyot tashkilotlarini moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

    b) Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (A.Xasanov) bilan birgalikda bir oy muddatda barcha sog‘liqni saqlash tizimi tashkilotlari rahbarlari faoliyatini baholash reytingini joriy etsin hamda har chorakda natijalarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritib borsin;

    v) Moliya vazirligi (T.Ishmetov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (I.Norqulov) hamda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi (F.Sharipov) bilan birgalikda bir oy muddatda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalaridan kelib chiqib, birlamchi bo‘g‘inda tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxatini tasdiqlab, barcha hududlarda amaliyotga kiritsin.

    4. “O‘zavtosanoat” AJ (Sh.Umurzakov) 2021 yil 1 oktyabrga qadar joylarda, ayniqsa olis va chekka hududlarda aholini manzilli profilaktika va skrining qilish ishlarini tashkil etish uchun zarur uskunalar bilan jihozlangan maxsus avtobuslarning kamida 3 ta tajriba namunasini yaratsin va kiritsin.

    5. Belgilab qo‘yilsinki, 2021 yil 1 июнdaн boshlab:

    a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tuzilmalariga amaldagi shtat birliklari doirasida boshliqning raqamlashtirish va davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy qilinadi. Bunda, ushbu lavozimlarga tayinlanayotgan shaxslarning avvalgi davlat tashkilotlaridagi ish joyi bo‘yicha oylik ish haqi miqdori yuqori bo‘lgan taqdirda, ularning avvalgi ish joyi bo‘yicha oylik ish haqi miqdori saqlab qolinadi.

    Raqamlashtirish va davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha o‘rinbosar o‘z faoliyatida bevosita sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari A.Azizovga bo‘ysunadi va hisobdor bo‘ladi hamda A.Azizov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi faoliyatining raqamlashtirish natijadorligi bo‘yicha mas’ul hisoblanadi, ularning ishiga baho beradi;

    b) har bir oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinika hamda tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida elektron tizim bilan ishlaydigan bir nafardan IT operator – hamshira lavozimi kiritiladi. Bunda, ushbu lavozimlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 maydagi “Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi PF–6221-son Farmoniga muvofiq ajratilayotgan shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi;

    v) boshqa tuman (shahar) hamda barcha viloyat va respublika davolash-profilaktika muassasalarida ularning amaldagi shtat birliklari doirasida IT operator – hamshira lavozimi kiritiladi.

    6. Bosh vazir maslahatchisi O.M. Umarov, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Sadikov), Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Azizov):

    ikki hafta muddatda IT operator – hamshiralar hamda boshqa sog‘liqni saqlash tizimi xodimlarining kompyuter savodxonligini oshirish maqsadida ularni o‘qitish bo‘yicha dastur ishlab chiqsin;

    reja-jadvalga asosan IT operator – hamshiralar hamda boshqa sog‘liqni saqlash tizimi xodimlarining kompyuter savodxonligini oshirish maqsadida ularni tuman (shahar) IT markazlarida bepul o‘qitish mashg‘ulotlarini tashkil etsin.

    7. Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Azizov) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (O.Pekos), boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021 yil 1 сентяbрga qadar sohada katta tajribaga ega bo‘lgan mahalliy va xorijiy mutaxassislar hamda tashkilotlarni jalb etgan holda Sog‘liqni saqlash sohasini 2025 yilgacha raqamlashtirish (E-health–2025) strategiyasini va uni amalga oshirishga doir yillar bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlashni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    8. Davlat tibbiyot muassasalarini 2021–2023 yillarda zamonaviy kompyuter jihozlari bilan ta’minlash reja-jadvali 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    Moliya vazirligi (T.Ishmetov) 2021 yil yakuniga qadar 17 400 ta zamonaviy kompyuter jihozlarini xarid qilish bilan bog‘liq mablag‘lar xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan, yetmagan qismi esa har yili Davlat byudjetida Sog‘liqni saqlash vazirligi uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar doirasida amalga oshirilishini nazarda tutsin.

    Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari (A.Azizov)ga tizimni raqamlashtirish uchun zamonaviy kompyuter va axborot texnika vositalarini ishlab chiqaruvchilarning eng yaxshi takliflarini tanlab olish yo‘li bilan xarid qilishga, istisno tariqasida, ruxsat berilsin.

    9. Belgilab qo‘yilsinki:

    Sog‘liqni saqlash vazirligida markazlashgan xaridlar natijasida iqtisod qilingan byudjet mablag‘lari tibbiyot sohasini raqamlashtirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish va kengaytirish, IT-sohasidagi yetakchi mahalliy va xorijiy mutaxassislar hamda kompaniyalarni jalb qilishga yo‘naltiriladi;

    Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimini isloh qilishga ajratiladigan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni davlat xarid komissiyasi tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

    10. 2021 yil 1 iyuldan boshlab tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida kompyuter jihozlari bo‘yicha texnik xodim lavozimlari kompyuter texnikasi xizmati bo‘yicha muhandis lavozimlariga almashtirilsin hamda ular zimmasiga zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy qilish hamda rivojlantirish vazifalari yuklansin.

    Bunda, kompyuter texnikasi xizmati bo‘yicha muhandislarga beriladigan har oylik ustama miqdori xodim lavozim maoshidan 100 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.

    11. Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi joriy etilishini tezlashtirish maqsadida 2021 yil 1 avgустdaн boshlab boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirsin:

    tibbiy jihozlar, buyumlar, kompyuter texnikasi va boshqa vositalarni xatlovdan o‘tkazish, shuningdek, tibbiy xodimlar ro‘yxatini shakllantirish;

    tibbiyot muassasalarini kafolatlangan пaкетga kiritilgan tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish uchun zarur bo‘ladigan tibbiy texnika bilan jihozlash;

    oilaviy shifokor yo‘llanmasi asosida kafolatlangan paketga kiritilgan bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini tashkil etish.

    Bosh vazir o‘rinbosari B.A. Musayev, Moliya vazirligi (T.Ishmetov) va Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Azizov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda tibbiy sug‘urta tizimining alohida elementlarini boshqa hududlarda joriy qilishni boshlash yuzasidan aniq taklif kiritsin.

    12. Belgilansinki, 2021 yil 1 iyuldan boshlab ish staji besh yil bo‘lmagan oliy ma’lumotli tibbiyot xodimlarini nodavlat tibbiyot tashkilotlariga ishga qabul qilish bilan bog‘liq talablar davlat tibbiyot muassasalariga tenglashtiriladi.

    Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati (B.Yusupaliyev) bir oy muddatda nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatini tashkil etishda bino va inshootlarga belgilangan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini xalqaro standartlardan kelib chiqib, qayta ko‘rib chiqsin.

    13. 2021–2022 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari filiallarini tashkil etish reja-jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    Belgilansinki:

    a) yangi tashkil qilinayotgan filiallar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tibbiyot muassasalarining negizida, ularning amaldagi shtat birliklari va ajratilgan mablag‘lar doirasida, shuningdek, yuridik shaxs maqomga ega bo‘lmagan asosda tashkil qilinadi;

    b) sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari U.Sobirov va respublika ixtisoslashtirilgan markazlari rahbarlari filiallar tomonidan:

    kasalliklarni joylarda barvaqt aniqlash, profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish, mahorat darslarini o‘tkazish;

    diagnostika va davolashning zamonaviy usullarini joriy etish, yuqori sifatli tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish, shu jumladan teletibbiyotni joriy etish va rivojlantirish;

    kasalliklar registrini yaratish, ilmiy tadqiqotlarni olib borish va amaliyotga tatbiq etish, shuningdek, ular faoliyatiga oid boshqa masalalarni (tibbiy jihozlar va asbob-uskunalar bilan ta’minlash, malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish) hal qilish yuzasidan shaxsan mas’ul hisoblanadi.

    14. Sog‘liqni saqlash vazirligi (E.Basitxanova):

    a) 2021 yil 1 avgустdaн boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida perinatal va skrining markazlari hamda birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalaridagi onalar va bolalar salomatligiga mas’ul tuzilmalar (“Ayollar maslahatxonasi”, prenatal skrining xonasi, “tibbiyot brigadalari” tarkibidagi oilaviy shifokor, pediatr va boshqalar)ning homilador ayolni kompleks kuzatuvi bo‘yicha quyidagi chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi o‘zaro hamkorlik va muvofiqlashtirilishini ta’minlovchi yagona tizimni joriy etsin:

    homilador ayolning kompleks kuzatuvi yagona ma’lumotlar bazaсиni yaratish;

    perinatal va skrining markazlari hamda birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalaridagi onalar va bolalar salomatligiga mas’ul tuzilmalar tomonidan yagona ma’lumotlar bazasiga zarur ma’lumotlarni kiritish, shuningdek, homilador ayollarning tibbiy kartasini yuritish;

    shakllangan ma’lumotlarga asosan homilador ayollarga zarur maslahatlarni berish;

    b) sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari A.Azizov bilan birgalikda homilador ayolni eng erta muddatlarda hisobga olinishi, uning har kungi holatidagi o‘zgarishlarni kompleks nazorat qilib borish uchun 2021 yil yakuniga qadar yagona elektron baza yaratilishini ta’minlasin;

    v) Maktabgacha ta’lim vazirligi (A.Shin) va Xalq ta’limi vazirligi (Sh.Shermatov) bilan birgalikda ikki oy muddatda maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarda to‘g‘ri ovqatlanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab yangilangan ovqatlanish ratsionini hamda ushbu yo‘nalish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga bo‘lgan talablarni tasdiqlasin va amaliyotga kiritsin. Bunda, bolalarning sog‘lig‘iga zarar va rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan barcha oziq-ovqat mahsulotlarini maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablar hududida sotishga cheklovlar qo‘yilsin.

    Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati (B.Yusupaliyev) maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarda bolalarning sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishini ta’minlash maqsadida belgilangan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga so‘zsiz rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirsin.

    15. Moliya vazirligi (T.Ishmetov):

    onalar va bolalar, reproduktiv yoshdagi ayollar salomatligini ta’minlash uchun zarur dori va tibbiyot vositalari (“K” vitamin, surfaktant va boshqalar) bilan qo‘shimcha ta’minlash uchun Davlat byudjetidan 2021 yilda 26 milliard so‘m ajratsin, 2022 yildan boshlab mazkur banddagi xarajatlar uchun zarur mablag‘larni Davlat byudjeti parametrlarida ko‘zda tutsin;

    bolalar tibbiyot va tug‘uruq muassasalarida yuqori texnologik laborator uskunalaridan to‘laqonli va samarali foydalanish maqsadida 2022 yildan boshlab Davlat byudjetidan reaktiv, reagentlar, sarflov anjomlari hamda servis xizmatlar uchun qo‘shimcha 8 milliard so‘m ajratsin.

    16. Sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni tezlashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    17. Sog‘liqni saqlash vazirligining O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasini xalqaro ekspertlar va tashkilotlar bilan birgalikda ishlab chiqish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

    Vazirlar Mahkamasi, Moliya vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligining asoslantirilgan buyurtmalariga ko‘ra Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Sog‘liqni saqlash strategiyasi – 2030”ni ishlab chiqish, xorijiy va mahalliy ekspertlar hamda tashkilotlarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish choralarini ko‘rsin.

    18. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari L.N. To‘ychiyev Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Xadjibayev), Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (A.Xasanov) bilan birgalikda bir oy muddatda sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosarlari, hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlari faoliyatini baholash tizimini joriy etsin hamda har yarim yil yakuni bilan tegishli takliflarni kiritib borsin.

    Bunda, natija ko‘rsatgan, xizmat sifatini yaxshilab, aholini rozi qilgan rahbarlarni tegishli Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimi tashkilotlari mablag‘lari hisobidan rag‘batlantirish hamda ishlarni qoniqarsiz tashkil etgan mas’ul kadrlarga chora ko‘rish belgilansin.

    19. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar 4-ilovaga muvofiq kiritilsin.

    20. Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    21. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri A.M. Xadjibayev, uning o‘rinbosarlari A.Sh. Inoyatov, A.A. Azizov, U.Yu. Sobirov, E.I. Basitxanova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

    22. Mazkur qarorning o‘z vaqtida va natijali ijro etilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.A. Musayev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari L.N. To‘ychiyev zimmasiga yuklansin.

    Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev

    Toshkent shahri
    2021 yil 25 may