Qayd etish kerakki, oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinikalarda faqat murojaat tartibi o'zgaradi. Avvallari bemor o'zining oilaviy shifokoriga uchrashmasdan, tor soha shifokori qabuliga ketavergan bo'lsa, endi oilaviy shifokor yo'llanma bersagina, tor soha mutaxassisiga boradi. Agar yo'llanmasiz borsa, pul to'laydi. 

Mamlakatimizda inson salomatligi va uning turmush farovonligini oshirishga e'tibor bugun o'z samarasini bera boshladi. Ayniqsa, shifo maskanlarida ko'rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati oshib, fuqarolar, qolaversa, davolanuvchilar uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Fuqarolarni davlat tomonidan tibbiy sug'urtalash masalasi Prezidentimizning 2020 - yil 12 - noyabrda qabul qilingan “Sog'liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug'urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida o'z aksini topdi.

Dunyoning ko'plab mamlakatlarida maxsus tibbiy sug'urtalash jamg'armalari faoliyat yuritmoqda. Ularning asosiy maqsadi — bemorlarga sifatli tibbiy va profilaktik yordam ko'rsatilishini ta'minlash uchun majburiy tibbiy sug'urtalash tizimini moliyalashtirishdir. Yurtimizda ham Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya, Fransiya, Germaniya, Norvegiya, Rossiya kabi davlatlarning bu boradagi tajribasi asosida Davlat tibbiy sug'urtasi jamg'armasi tashkil etildi.  

Ushbu jamg'armaning asosiy vazifasi — davlat tibbiy sug'urtasi tizimini joriy etish, boshqarish hamda ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni ta'minlash. Aholining barcha qatlamlarini davlat tomonidan kafolatlangan paket doirasida sifatli va zarur tibbiy yordam bilan ta'minlash maqsadida tibbiy xizmatlar strategik xaridi tizimini joriy etishda ishtirok etamiz.

Davlat tibbiy sug'urtasi bilan nimaga erishamiz? Eng avvalo, kasalliklarni erta aniqlash, aholiga ko'rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va ko'lamini yanada oshirishga erishiladi. Kafolatlangan paketlar bilan esa har bir tibbiyot muassasasi darajasida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmat ko'rsatiladi va dori vositalari etkazib beriladi. Fuqaro paket doirasida hududiy oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinika, ko'p tarmoqli markaziy poliklinikalarda zarur diagnostik va laboratoriya tekshiruvlaridan o'tadi. Bu paketlarning muddati bo'lmaydi va hammaga teng bo'ladi.

Hozir Sirdaryo viloyatida aholi ro'yxatdan o'tkazildi va ularning salomatligi mavjud xavf omillariga ko'ra xavf guruhlariga bo'lindi. O'rta va yuqori xavf guruhlariga kiruvchi aholi belgilangan muddatlarda tibbiy ko'rikdan o'tishi ta'minlanadi va salomatligi davriy kuzatuvga olinadi. YUqori xavf guruhiga kiruvchi va mustaqil ravishda tibbiyot muassasasiga kela olmaydigan bemorlar doimiy kuzatuvga olinib, uyida tibbiy xizmat ko'rsatiladi. Profilaktik ko'riklar o'rniga hududning o'ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, muayyan kasalliklar bo'yicha maqsadli skrining tekshiruvlari o'tkaziladi va patronaj ko'riklari optimizasiya qilinib, yangi maqsadli patronaj tizimi joriy etilmoqda.

 Shu o'rinda davlat tomonidan aholi uchun tibbiy yordam oldin ham bepul berilgan, endi ham berilar ekan, yangilik nimada, degan savol bo'lishi mumkin. Qayd etish kerakki, oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinikalarda faqat murojaat tartibi o'zgaradi. Avvallari bemor o'zining oilaviy shifokoriga uchrashmasdan, tor soha shifokori qabuliga ketavergan bo'lsa, endi oilaviy shifokor yo'llanma bersagina, tor soha mutaxassisiga boradi. Agar yo'llanmasiz borsa, pul to'laydi. Shuning uchun har bir fuqaro o'zining hududiy poliklinikasiga biriktirilgan bo'lishi kerak. Oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinikalarda klinik protokollar, diagnostika va davolash standartlariga ko'ra kafolatlangan paketda belgilangan hajmda tibbiy xizmat ko'rsatiladi. 

Shu tariqa Sirdaryo viloyati sog'liqni saqlash tizimida 2021 - yilning 1 - iyulidan 2022 - yil oxiriga qadar tajriba-sinov tariqasida sog'liqni saqlash tizimining yangi modeli va moliyaviy mexanizmlari sinovdan o'tkazilmoqda.

Hozir Sirdaryo viloyatidagi 11 ta tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi, 18 ta viloyat sog'liqni saqlash muassasasi bilan shartnomalar imzolandi. Ushbu shartnomalarga asosan birlamchi tizim muassasalari ularga biriktirilgan aholi soni va tarkibidan kelib chiqib, dispanser xizmatlari ko'rsatuvchi muassasalar global byudjet asosida va stasionar muassasalar bajarilgan ishlar natijasi (davolangan holatlar) bo'yicha moliyalashtirish tizimiga o'tkazildi.

Ayni vaqtda Prezidentimizning 2021 - yil 28 - iyuldagi “Sog'liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko'rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga muvofiq, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari Davlat tibbiy sug'urtasi jamg'armasi bilan tuzilgan shartnoma asosida tibbiy xizmatlarning bazaviy narxlarida moliyalashtirilmoqda.

Bugungi kunda 14 ta respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Davlat tibbiy sug'urtasi jamg'armasi o'rtasida shartnomalar tuzildi. Ixtisoslashtirilgan muassasalarda bemor davolanganidan so'ng Davlat tibbiy sug'urtasi jamg'armasi tomonidan bazaviy narxlar doirasida bemorga ko'rsatilgan tibbiy xizmatlarni asoslovchi hujjatlarga muvofiq, sarflangan mablag' ixtisoslashtirilgan muassasalarga Davlat byudjeti hisobidan o'tkazib berilmoqda.

Noyabr` oyidan respublika ixtisoslashtirilgan ko'z mikroxirurgiyasi va urologiya, 2022 - yil 1 - yanvardan kardiologiya, travmatologiya va ortopediya hamda akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tomonidan ko'rsatiladigan tibbiy xizmatlar imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko'rsatilishiga ruxsat berildi.

Bunda imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslar tibbiy xizmat ko'rsatadigan Davlat tibbiy sug'urtasi jamg'armasi bilan shartnomasi mavjud davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotlarini o'z xohishiga ko'ra erkin tanlash huquqiga ega bo'ladi.

Shuningdek, nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga tibbiy xizmat ko'rsatish Davlat tibbiy sug'urtasi jamg'armasi bilan tuziladigan shartnoma asosida bazaviy narxlardan kelib chiqib amalga oshirilishi belgilab qo'yildi.

2022 - yil 1 - yanvardan boshlab, respublika darajasidagi 13 ta davlat tibbiyot muassasasida imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni elektron axborot tizimi orqali hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo'llash tartibi hamda moliyalashtirishning yangi mexanizmi joriy etiladi.

Farrux Sharipov,

Davlat tibbiy sug'urtasi jamg'armasining ijro etuvchi direktori