Sogʻliqni saqlash vaziri Afgʻoniston Islom Respublikasi delegatsiyasini qabul qildi

    Xalqaro hamkorlik 6 Yanvar 2021 808

    Avval xabar berganimizdek, Afgʻoniston Islom Respublikasi Jamoat salomatligini saqlash vazirligining masʼul xodimlari va shifokorlaridan iborat delegatsiya yurtimizda boʻlib turibdi.

    Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev Afgʻoniston Islom Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Ahmad Holid Elmiy va delegatsiya aʼzolarini qabul qildi.

    Muloqot davomida taʼkidlanganidek, 2017-yilning dekabr oyida Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf Gʻanining Oʻzbekistonga tashrifi davomida ikki davlat oʻrtasida uzoq muddatli istiqbolda hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olingandi.

    Shuningdek, ushbu tashrif doirasida Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi va Afgʻoniston Jamoat salomatligini saqlash vazirligi oʻrtasida anglashuv memorandumi ham imzolangan edi.

    2018-yilda davlatimiz tomonidan Afgʻoniston “tez yordam” xizmati uchun 5,7 million dollar qiymatidagi 100 dan ortiq avtomobillar yetkazib berildi. Shu yili Toshkent davlat stomatologiya instituti va Qobul tibbiyot universiteti oʻrtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi. Hozirda afgʻonistonlik talabalar Toshkent davlat stomatologiya hamda Andijon davlat tibbiyot institutlarida tahsil olmoqda.

    Shuningdek, afgʻonistonlik shifokorlar Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, Surxondaryo viloyati koʻp tarmoqli tibbiyot markazi hamda shoshilinch tibbiy yordam xizmati tizimida malaka oshirib kelyapti.

    Ikki davlat oʻrtasida farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish sohasida ham qator hamkorlik dasturlari amalga oshirib kelinyapti. Xususan, 2019-yilda oʻzbek-afgʻon ishbilarmonlar forumi va seminari oʻtkazildi.

    Afgʻonistonda Oʻzbekistonning farmatsevtika va tibbiyot mahsulotlari va tibbiy texnikasini eksport qilish uchun oʻzbek-afgʻon savdo uyini ochish borasida ishlar olib borilyapti. 2020-yil davomida yurtimizning farmatsevtika tarmogʻi korxonalari tomonidan 2,4 million dollar qiymatidagi mahsulotlar Afgʻonistonga eksport qilingan.

    Muloqot davomida Ahmad Holid Elmiy Oʻzbekiston koronavirus infeksiyasining tarqalishini oldini olish, uni davolash sohasida katta tajriba toʻplagani, ushbu tajribani oʻrganish va oʻz davlatida tatbiq qilish afgʻonistonlik shifokorlarning oldida turgan muhim vazifalardan biri ekanligini taʼkidladi.

    Oʻz oʻrnida Abduhakim Xadjibayev ikki davlat oʻrtasidagi sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, rivojlantirish va zarur boʻlgan amaliy koʻmakni berishga tayyor ekanini bildirdi.

    Eslatib oʻtamiz, delegatsiyaning yurtimizga kelishidan maqsad —koronavirus infeksiyasining profilaktikasi, tarqalishini oldini olish, diagnostikasi va davolashning Oʻzbekiston tajribasini oʻrganish, COVID-19ni davolashning zamonaviy va samarali usullarini qoʻllash boʻyicha amaliy koʻnikmalarini va malakasini oshirishdan iborat. Oʻn kun davomida 20 nafar afgʻonistonlik mutaxassislardan iborat delegatsiya ular uchun maxsus tashkil etilgan oʻquv mashgʻulotlarida ishtirok etyapti, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.