Muloqot davomida soʻnggi yillarda ikki tomonlama hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgani taʼkidlandi. 2018-2019-yillarda mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga tashriflari keng koʻlamli hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratdi. Xususan, davlatimiz rahbari 2019-yil yanvar oyida IX Xalqaro investitsiya sammitida ishtirok etish uchun Hindistonga tashrif buyurdi va u yerda mamlakat Bosh vaziri Narendra Modi bilan Oʻzbekiston-Hindiston hamkorligi, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalarini muhokama qildi. 2019-yilning oktyabr oyida esa Shavkat Mirziyoyev Hindistonning Gujarat shtati delegatsiyasini qabul qildi, unda biotexnologiya va qishloq xoʻjaligi klasterlari, toʻqimachilik va farmatsevtika sanoati kabi sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Taʼkidlash joizki, elchi Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi, shu sababli kasallik tarqalishi hozirgi vaqtda sezilarli darajada kamayganini eʼtirof etdi. Oʻz vaqtida koʻrilgan choralar COVID-19 oqibatlarini minimallashtirishga sabab boʻlayotgani qayd etildi. M. Prabxat pandemiya davrida Oʻzbekiston aholisi yuqori intizom va masʼuliyat koʻrsatganini, bu yaxshi natijalarga erishishga hissa qoʻshganini va hukumatga vaziyatni shu kunga qadar nazorat ostida ushlab turishiga imkon berayotganligini taʼkidladi.

Oʻz navbatida, vazir hozirda vaziyatning barqarorligi hotirjamlikka berilish uchun asos boʻla olmasligini aytdi. Koʻpgina boshqa mamlakatlar tajribasiga koʻra, COVID-19ning ikkinchi toʻlqinidan qochib boʻlmaydi degan tushuncha mavjud. Buning uchun mamlakatda unga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasini davolashga ixtisoslashgan 150 dan ortiq shifoxonadan ayni paytda 40 ga yaqini faoliyati koʻrsatayotgani, qolganlari zarurat tugʻilganda yana koronavirus bilan kasallangan bemorlarni qabul qilishlari uchun saqlab qolingani aytib oʻtildi.

Shuningdek, tomonlar kelgusidagi hamkorlik yoʻnalishlarini muhokama qilib oldilar. Jumladan, mavjud investitsiya loyihalarini rivojlantirish va Oʻzbekistonga yangi investorlarni jalb qilish, qoʻshma farmatsevtika ishlab chiqarish obyektlarini tashkil etish kabi masalalarga toʻxtalib oʻtildi.

Manish Prabxatning taʼkidlashicha, hozirgi vaqtda Hindiston koronavirusga qarshi 3 ta vaksina yaratish ustida ish olib bormoqda, ulardan 2 tasi ikkinchi, bittasi esa uchinchi bosqich sinov jarayonida. Elchi kelajakda Oʻzbekiston aholisi uchun ham ushbu hind vaksinalari foydali boʻlishini taʼkidlab oʻtdi.

Shuningdek, elchi talabalar almashinuvi dasturi boʻyicha yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan takliflarini bildirdi. Uning taʼkidlashicha, Hindiston yoshlarining Oʻzbekistondagi tibbiyot oliy oʻquv yurtlarida oʻqishga qiziqishi tobora ortib bormoqda.

Bundan tashqari, mamlakatlarning xalq tabobatini rivojlantirishga boʻlgan davlat darajasidagi eʼtiborda oʻxshashlik mavjudligi aytilib, ushbu sohadagi hamkorlik yoʻnalishlari muhokama qilindi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.