Bu “tez yordam” xodimlarining ish yuklamasida va kelayotgan murojaatlar sonining kunma-kun oshib borishida koʻrinib turibdi. Masalan, Toshkent shahar “103” xizmatiga 12-yanvarda 4888 ta murojaat kelib tushdi.
Mavjud vaziyatni yaqindan oʻrganish maqsadida sogʻliqni saqlash vaziri B. Musayev bugun tungi soat 03:00 larda Toshkent shahar tez yordam stansiyasida boʻlib, u yerdagi Call-markaz hamda tez tibbiy yordam xodimlari ish jarayoni bilan tanishdi, deya xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi axborot xizmati.
“103” xizmatiga chaqiriqlar soni ortgani va ish yuklamasi koʻpayib borayotgani sababli shu soatning oʻzidayoq vazir topshirigʻi bilan qoʻshimcha tarzda 40 ta zamonaviy jihozlangan tez tibbiy yordam mashinasi haydovchilari bilan birga xizmat tasarrufiga biriktirib berildi.
Bundan tashqari, Call-markaz ish samaradorligini oshirish uchun 30 ta yangi operator oʻrni yaratildi.
Tez yordam brigadalarining tezkorligi va samaradorligini oshirish maqsadida ular qoʻshimcha 100 dona planshet bilan ham taʼminlanadi.
Shuningdek, brigadalar uchun bugun ertalabdan zarur miqdorda koronavirusga qarshi dori-darmonlar boʻlgan “Covid-box”lar ajratiladigan boʻldi.
Tez tibbiy yordam xodimlari bilan yarim tunda oʻtgan muloqot chogʻida koronavirus infeksiyasi aniqlangan, biroq xastalik klinik belgilarsiz yoki yengil shaklda kechayotgan bemorlar salomatligini nazorat qilish, ularga ambulator va uyiga borgan holda sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish maqsadida Toshkent shahrining 12 ta tumanida 1 tadan maxsus COVID poliklinikalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Bundan tashqari, koronavirus kasalligi boʻyicha murojaatlar bilan samarali ishlash maqsadida poytaxtimizdagi 12 ta koʻp tarmoqli va 66 ta oilaviy poliklinikalarda maxsus mobil brigadalar faoliyati ham yoʻlga qoʻyildi.