Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni belgilangan davolash-profilaktika muassasalaridan boshqa joylarda inyeksion va infuzion dori vositalaridan foydalangan holda davolash va shifokor buyurgan muolajalarni amalga oshirish taqiqlandi.
Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirining shu yilning 6-avgust kuni qabul qilingan «Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash mezonlarini tartibga solish va retro-prospektiv tahlil oʻtkazish toʻgʻrisida»gi buyrugʻida batafsil bayon qilingan.
Hujjatga koʻra, koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun moslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalaridan tashqarida bemorlarni davolamaslik va belgilangan muolajalarni olib bormaslik toʻgʻrisida yurtimizdagi barcha tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan shifokor va oʻrta tibbiyot xodimlaridan kafolat xatlari olinadi. Vazirlikning tibbiy xizmatlar sifatini nazorat qilish boshqarmasi mazkur tartibga amal qilinishini nazoratga oladi.
Nodavlat tibbiyot tashkilotlari rahbarlariga ham ushbu qoidaga amal qilish tavsiya etildi.
Mazkur tartibga rioya qilmagan xodimlar Sogʻliqni saqlash vazirining shu yilning 5-avgust kuni qabul qilingan «Oʻzbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish borasidagi ishlarni yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida »gi buyrugʻiga va «COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash boʻyicha vaqtinchalik koʻrsatmalar »ning 6-nashrida belgilangan tartib va tavsiyalarga zid harakat qilgan deb topilib, javobgarlikka tortilishi qatʼiy belgilab qoʻyildi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.