Ammo so'nggi yillarda o'lim xavfi yuqori bo'lgan xastaliklar orasida ayrim nevrologik kasalliklar ko'rsatkichi barqaror oshib borayotgani xavotirli holat. eng yomoni, yurtimizda bu yo'nalishda reabilitatsiya tadbirlari darajasi pastligi va boshqa qator omillar aholi o'rtasida nogironlikning ko'payishiga olib kelayotgan edi. SHu sababli Prezidentimizning 2018- yil 30- avgustdagi qarori asosida Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insul`t ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etilishi belgilandi. Yangi muassasa “diagnostika – aniqlash – davolash – reabilitatsiya” tizimi asosida faoliyat yuritishi ko'zda tutilgan. 

Yaqinda O'zbekiston Respublikasi sog'liqni saqlash vazirligida yurtimizga ikki haftalik missiya bilan kelgan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi(JICA)ning Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari bo'yicha bo'limi direktori Sota Tosaka boshchiligidagi delegatsiya vakillari ishtirokida ayni shu masalada muloqot tashkil etildi. Muzokaralar chog'ida  Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insul`t ilmiy-amaliy tibbiyot markazini qurish va jihozlash loyihasi kontseptsiyasi muhokama etildi. 

Shu o'rinda savol tug'iladi: bu jarayonga nega aynan Yaponiya vakillari jalb etildi? Gap shundaki, innovatsion tibbiy texnologiyalar va ilg'or diagnostika uskunalarini ishlab chiqarish hamda davolash usullarini qo'llash borasida “kunchiqar mamlakat” dunyoda peshqadamlar safida. Qolaversa, yapon mutaxassislarining bu sohadagi ilg'or va boy tajribasi biz uchun juda muhim. 

Uchrashuvda Sog'liqni saqlash vazirligi mutasaddilari O'zbekiston tibbiyoti tizimidagi har bir loyiha institutsional o'zgarishlarni o'zida mujassam etishi, innovatsion asbob-uskunalar bilan bir qatorda, ilg'or tajribalarni joriy qilish ham muhimligini ta'kidladi.

Bundan tashqari, istiqbolli loyiha shoshilinch tibbiy yordam muassasalarida diagnostika uskunalarini yangilash, yapon va o'zbek mutaxassislari o'rtasida o'zaro tajriba almashishni ko'zda tutadi.

Muloqot yakunida 2022-2026- yillarga mo'ljallangan loyiha texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlash bo'yicha qo'shma ishchi guruh tuzildi.

Sog'liqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati.