Yaqinda davlatimiz rahbari raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasiga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi ham aynan shu maqsadga — sohani yangi bosqichga olib chiqish, ommaviy sportni xalqimizning kundalik hayot tarziga aylantirish hamda seleksiya tizimini tubdan isloh qilishga qaratilgani bilan gʻoyat ahamiyatlidir.

Shu paytgacha sportga jalb etilganlar soni koʻpincha hisobotlardagi quruq raqamlar yoki umumiy qamrov foizlari bilan oʻlchanar edi. Endilikda bunday amaliyotdan voz kechilib, aholining real sogʻligʻi va jismoniy koʻrsatkichlari asosiy baholash mezoni sifatida belgilandi. Yigʻilishda sport toʻgaraklari faoliyatidagi xoʻjakoʻrsinlik va formal yondashuvlar keskin tanqid qilinib, barcha harakatlarni faqat va faqat amaliy natijaga yoʻnaltirish qatʼiy talab qilib qoʻyildi.

Ayniqsa, oliy taʼlim muassasalarida bu boradagi ishlar ahvoli haqqoniy tahlil qilindi. Ochiq tan olish kerakki, talaba yoshlarni sportga jalb etishda hali yechimini kutayotgan masalalar yetarli. Endi oliygohlar sport federatsiyalari bilan yaqindan hamkorlik qilishi, iqtidorli yoshlarni aniqlab, ularni tayyorlashning mutlaqo yangicha va shaffof tizimini yaratishi ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan qator hayotiy tashabbuslar ilgari surildi. Mahallalarda “sogʻlom hayot volontyorlari” tizimi joriy etilishi, hududlarning sportdagi faolligi ularning ragʻbatlantirilishiga asos boʻlishi shular jumlasidan. Bundan tashqari, barcha taʼlim dargohlarida haftaning bir kuni “Sport kuni” deb eʼlon qilinishi, yoshlar oʻrtasida kross-fit kabi zamonaviy va ommabop mashgʻulotlarni keng yoyish orqali haqiqiy sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish vazifasi yuklatildi.

Shu oʻrinda “mahalla — maktab — sport muassasasi — federatsiya” uzluksiz zanjirining ahamiyati beqiyos. Talabalarni sport toʻgaraklariga jalb etish orqali dual taʼlim asosida murabbiylar tayyorlash va ularga qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish tizimi yoʻlga qoʻ­yiladi. Sohaga faqatgina jismoniy mashgʻulot sifatida emas, balki ilmiy yondashuv, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish va iqtisodiy samaradorlik nuqtayi nazaridan ham qarash vaqti keldi.

Ushbu ustuvor vazifalardan kelib chiqib, Namangan davlat texnika universitetida sport yoʻnalishidagi ishlar mutlaqo yangicha tizim asosida qayta tashkil etilmoqda. Biz talabalarning ommaviy sport bilan ­qamrovini oshirish boʻyicha oʻzimiz uchun aniq maqsad va koʻrsatkichlarni belgilab oldik. Universitetdagi mavjud sport toʻgaraklari faoliyati toʻliq inventarizatsiyadan oʻtkazilib, ularning natijadorligi doimiy monitoring qilib boriladi. Yoshlar orasida ommaviylashayotgan kross-fit va boshqa zamonaviy sport turlarini oliygohimizga kiritish orqali talabalarning faolligini va sportga qiziqishini yanada oshirishni maqsad qilganmiz.

Mavjud sport infratuzilmasidan foydalanish samaradorligini oshirish, iqtidorli talaba sportchilarni kashf etib, ularni professional sport sari yoʻnaltirish kundalik ishimizga aylanadi. Hududiy sport tashkilotlari va federatsiyalar bilan hamkorlikni kengaytirib, yangi loyihalarni hayotga tatbiq etamiz. Zero, talaba yoshlarning sogʻlom va jismonan barkamol boʻlib yetishishi ularning kelajakda oʻz sohasining yetuk, fidoyi va kuchli mutaxassislari boʻlib yetishishida eng muhim poydevordir.

Oybek ERGASHEV,

Namangan davlat texnika universiteti rektori, professor

Hamkorlik materiali