Mamlakatda jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini taʼminlash, yoshlar ongiga sogʻlom turmush tarzini singdirish, buni aholi oʻrtasida keng targʻib qilish, sportchi yoshlarda Vatanga daxldorlik, elparvarlik tuygʻularini kamol toptirish ham ayni kun talabiga aylandi.
Gap shu haqda ketar ekan, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning ikkinchi yoʻnalishi doirasida amalga oshirilgan ishlarni eslash oʻrinli boʻladi, albatta. Bu borada Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti tomonidan tizimli ravishda amaliy ishlar olib borilmoqda.
Kichik musobaqalardan katta sport sari yoʻl
Beshta muhim tashabbusning ikkinchi yoʻnalishi – yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlarni yaratish borasidagi ishlar universitetimizda, avvalo, sport, intellektual klublar tashkil etishdan boshlandi.
“Quvnoqlar va zukkolar” klublari soni 10 taga yetib, 500 nafar yigit-qiz qamrab olindi. “Qizlarjon” klubi aʼzolari soni esa 200 dan ortdi. “Zakovat” klubida 3 marotaba musobaqa tashkil etildi. 2021-yil fevral oyida universitet hamda mahalla yoshlari uchun “Shaxmat” klubi tashkil etilib, bugungi kunda unda 200 yigit-qiz “aql gimnastikasi” bilan shugʻullanmoqda.
Universitetimiz beshta muhim tashabbus doirasida turli musobaqalarni tashkil etishda ham faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, 2020-2021 oʻquv yilida karate, boks, kurash, ogʻir atletika, belbogʻli kurash sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston chempionatlariga mezbonlik qildi.
“Universiada-2020” musobaqalarida universitetimiz jamoasi 1-oʻrinni egalladi. Shuningdek, 20 nafar talaba-sportchimiz Tokio Olimpiadasi oʻyinlariga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.
Albatta, bu kabi muvaffaqiyatlar zamirida sogʻlom turmush tarzi, sport yoʻnalishidagi tashabbuslarning oʻrni katta. Yoshlarimizning sportga qiziqishi kuchli. Faqat ularni ragʻbatlantirish, zarur sharoitlarni yaratish kerak. Beshta muhim tashabbus bu yoʻlda bizga muhim dasturulamal boʻldi.
Universitet mahallaga koʻchdi
Prezidentimiz shu yil 13-aprelda oʻtkazgan yigʻilishida yana bir muhim tashabbusni ilgari surdi. Bu – oliy taʼlim muassasasi va mahalla hamkorligi.
Ana shu tashabbusni amalga oshirish maqsadida universitetga yaqin joylashgan 10 ta mahalla bilan ishlashni boshladik. Hozirda bu mahallalarda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlarni universitetda tashkil etilgan sport toʻgaraklariga jalb etish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish ishlari boshlab yuborildi.
Yoshlar oʻrtasida jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishga yetarli shart-sharoitlar yaratish maqsadida universitetda yengil atletika, suzish, kurash, sambo, gimnastika, badiiy gimnastika, nayza uloqtirish, ogʻir atletika, taekvondo, dzyudo kabi 24 sport turidan toʻgaraklar ochdik. Ularga atrofimizdagi mahallalarda yashovchi 1000 ga yaqin uyushmagan yoshlar qamrab olindi.
Bundan tashqari, Chirchiqdagi 4-umumtaʼlim maktabida 2 marotaba “Vazir soati” tadbirlari tashkil etildi hamda 100 dan ortiq sport invertarlari, badiiy va ilmiy adabiyotlar sovgʻa qilindi.
Sportni ommalashtirishda murabbiylarning ham oʻrni bor
Darhqaqiat, sportni rivojlantirish, ommalashtirishda malakali murabbiylar masalasi ham muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtayi nazardan, universitetimizda qabul kvotasining oshirilishi, ayniqsa, magistraturaga qabul soni koʻpayishi sport sohasi boʻyicha ilmiy salohiyatni oshirish, dunyo tajribasini tatbiq etish, oʻzbek sportining oʻziga xos yangi, ilmiy asoslangan tajribasini yaratishga zamin yaratdi. Eng muhimi, malakali murabbiylarni yetishtirish qishloqlarda, olis hududlarda bolalarni sport bilan shugʻullantirish uchun ham keng yoʻl ochadi.
Malakali murabbiylarni tayyorlashning yana bir muhim jihati, ularni maʼnaviy yetuk qilib tarbiyalashdir. Chunki ular vositasida oilalarda sogʻlom turmush tarzini, yuksak axloqiy muhitni shakllantirish imkoni mavjud. Boshqa tomondan esa, mohir murabbiy tayyorlagan sportchi xalqaro maydonda yurtimiz nomidan sport maydoniga chiqadi. Ana shu pallada sportchilarimizning nafaqat professionalligi, balki odob-axloqi, intellektual salohiyati, madaniyati bilan davlatimizga baho beriladi. Shu bois, universitetimizda murabbiylar tayyorlashning maʼnaviy-axloqiy jihatlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu oʻrinda aytish joizki, Prezidentimizning beshta muhim tashabbusi yoshlar kamoloti timsolida Oʻzbekiston imijini xalqaro miqyosda yuksaltirish imkonini ham bermoqda.
Bu qanday koʻrinishda namoyon boʻladi?
Aytaylik, maktab oʻquvchisi tongda salqin va orasta yoʻlakda yugurishga chiqadi, badantarbiya qiladi, soʻng maktabga boradi. Ruhi tetik, bilimga chanqoq, shijoatli farzand darsdan chiqib sport toʻgaragiga yoʻl oladi. Mashgʻulotlar, saboqlar, doʻstlar bilan munosabatlar uni charxlaydi, vujudi jismoniy va ruhiy quvvatga toʻladi. Tabiiyki, bunday yoshlar olamshumul yutuqlarga erishadi. Dunyodagi tengdoshlari unga havas bilan boqadi. Bu esa Oʻzbekistonda yoshlar siyosati toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgani, bugungi avlodlarga sarflangan investitsiya samara berayotganidan dalolat.
Keyingi yillarda Oʻzbekiston ana shu siyosat yoʻlida sobitqadamligi bilan ham xalqaro eʼtiroflarga sazovor boʻlmoqda. Chunki, toʻrt-besh yil oldin boshlangan yoshlarga eʼtibor bugun oʻz samarasini beryapti. Allaqachon yoshlarimiz sportning shaxmat, boks, kurash kabi koʻplab yoʻnalishlarida oʻzini dunyoga tanitib ulgurdi. Prezidentimizning beshta muhim tashabbusi esa bu yoʻlda ularga qanot vazifasini oʻtamoqda.
Yana bir gap, jismoniy tarbiya va sportga berilayotgan eʼtibor orqali millat genofondi sogʻlomlashadi. Sogʻlom millat esa ulkan gʻalabalarga, qolaversa, intellektual yuksalishga qodir boʻladi.