Ma'lumki, davlatning asosiy boyligi, bu — fuqarolar. Mamlakatning dunyo hamjamiyatidagi o'rni xalqning hayot darajasiga bog'liq. Farovonlikni ta'minlashda esa tadbirkorlik, tijorat, ishlab chiqarishning alohida o'rni bor. Ularning har jihatdan rivojlanishida esa sog'lom raqobat katta rol o'ynaydi. Deylik, ishlab chiqarishning biror turida kimdir o'z mahsulotini tayyorlab bozorga olib chiqdi va unga talab yuqoriladi. Demakki, taklifda ham o'zgarish bo'ladi. Shu paytda bu turdagi tovarlarni boshqa birov ham bozorga olib chiqsa, birinchisi sifat va narxga kattaroq e'tibor qaratishga tushadi. Natijada iste'molchining tanlash imkoniyati ko'payadi. Bu esa, o'z navbatida, to'kin-sochinlikka, farovonlikka yo'l ochadi.

Odamlarning hayot darajasi davlatning dunyodagi pog'onasini belgilaydi. Mablag' kelish sabab va vositasi — ish, faoliyat, harakat... Mamlakatda bo'sh ish o'rinlarining kamligi ishsizlarning ko'payishiga olib keladi. Bu esa iqtisodiyotga zarar. Davlat aytilayotgan masalada oqibatga emas, sababga e'tibor berishi kerak. Buning uchun tadbirkorning oldidagi sun'iy to'siqlarni bartaraf etmoq lozim. Nega aynan tadbirkorni aytyapmiz?! Chunki ular nomi bilan tadbirkor, ya'ni tadbirli kishilar. Ular ma'lum maqsadlarni ko'zlab zararga kirmaslikka harakat qilishadi va o'z sohasida ko'pgina texnologiyalar, qurilmalar — yangiliklar ishlab chiqishadi. Natijada taraqqiyot yuz beradi. Ular qo'l ostidagilarni rozi qilmasa, ko'zlangan maqsadga erishib bo'lmasligini bilishadi. Shunday ekan, rivojlanish uchun sanab o'tilgan sohlarga e'tibor berish zarur.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga ko'ra, 2024 yil 1 yanvarga qadar import bojxona boji “nol” stavkada qo'llaniladigan ayrim turdagi xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar tasdiqlangan. Bu kabi huquqiy hujjatlar ancha yengilliklarga sabab bo'lsa ajabmas.

Sog'lom raqobatning va taraqqiyotning kushandasi, bu — monopoliya. “Monopoliya” yunoncha so'z bo'lib, mono — tanho, poleo — sotaman degan ma'noni bildiradi. Bu iqtisodiyotning bir sohasida tanho hukmronlik qilish deganidir. Bunday bozorlarda yagona sotuvchi o'z tovari bilan faoliyat ko'rsatadi, boshqa tarmoqlarda bunday tovarning o'rinbosari bo'lmaydi. Monopoliya o'z tabiatiga ko'ra ishlab chiqarishda turg'unlik paydo qiladi, chunki monopol mavqega tayanib, sarflarni kamaytirmay foyda ko'rishi, raqobatning yo'qligi yoki zaifligidan foydalanib bozorga o'z izmini o'tkazishi mumkin. Ma'lumki, motor ixtiro qilinishidan oldin kemalar yelkanlariga urilgan shamol vositasida harakatlangan. Muqoyasa qilsak, sog'lom raqobat xuddi o'sha shamol kabiki, uning ta'sirida ko'zlangan manzilga tezroq yetib boriladi. Shuning uchun ham davlat sog'lom raqobatni rivojlantirish va monopoliyani bartaraf etish ustida izlanishi kerak.

Mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “O'zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi faoliyatini  tashkil etish to'g'risida”gi qaroriga muvofiq, bugungi kunda mazkur qo'mita faoliyat olib bormoqda.

Monopoliyaga qarshi kurashish, sog'lom raqobat va ishbilarmonlar oldidagi sun'iy to'siqlarni bartaraf etishning foydalaridan biri shuki, tadbirkorlarning o'z tovarlarini, ya'ni milliy mahsulotlarimizni chetga eksport qilish imkoniyati oshadi. Jahon bozorlarida “Made in China”, “Made in India”, “Made in Russia” degan yozuvlar qatorida “O'zbekistonda ishlab chiqarilgan” jumlasini ham ko'p-ko'p uchratib tursak, o'ylaymanki, o'zgacha quvonch his etamiz. Eksport esa davlat iqtisodiyotiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi. 

                                                                         Samariddin Yo'ldoshov,

                                                                               O'zJOKU talabasi.