Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-iyul kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining “Yoshlik-1” konini borib koʻrdi.
Tashrif chogʻida Prezidentimiz iqtisodiyotning drayveri sifatida ruspublikada mis mahsuloti va u bilan bogʻliq sohalarda yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha ilmiy-texnologik klasterga xizmat qiluvchi kon-metallurgiya sohalarida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish borasida koʻrsatmalar berdi. Ushbu masalalar yuzasidan takliflar ishlab chiqilmoqda.
Bugun dunyoda “yashil iqtisodiyot”, qayta tiklanadigan energiya manbalariga eʼtibor kun sayin ortib bormoqda, elektr texnikasi sanoati jadal rivojlanmoqda. Buning natijasida 2030-yilga borib mis mahsulotlariga boʻlgan ehtiyoj kamida 40 foizga ortishi kutilmoqda. Bu Olmaliq kombinati mahsulotlariga xalqaro talab uzoq yillar davomida yuqori boʻladi, deganidir.
Shu bois mamlakatimizda rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni kengaytirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Yigʻilishda malakali kadrlarni jamlab, mis sanoati klasterini tashkil etish boʻyicha xorij tajribasini chuqur oʻrganish, xalqaro kompaniyani jalb qilgan holda, geologiya va kon-metallurgiya sohasini rivojlantirishda strategik yoʻnalishlarni belgilash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Albatta, sohaga qaratilayotgan bunday eʼtibor davlatimizning oliy taʼlim sohasida yangi bosqichni boshlab berdi. Bu esa yosh yigit-qizlarimiz uchun geolog, muhandis, texnolog, loyihachi, dasturchi va boshqa zamonaviy kasb-hunarlarni egallashiga zamin yaratadi.
Toshkent davlat texnika universiteti Konchilik ishi va metallurgiya fakultetida hozirgi kunda 1855 ta talaba tahsil oladi. 2020/2021 oʻquv yilida mazkur fakultetni 380 ta talaba bitirdi. Ular ertaga iqtisodiyotning drayveri boʻlgan ushbu sohada faoliyat boshlashi kutilyapti.
Orifjon ZARIPOV,
Toshkent davlat texnika
universiteti prorektori