Taʼkidlanganidek, Soliq kodeksiga soliq yukini qisqartirish va soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish borasidagi qator yangi normalar kiritilmoqda.

Xususan, qoʻshilgan qiymat soligʻining (QQS) yaxlit zanjirini taʼminlash hamda mahsulot (xizmatlar) tannarxi va foyda summasini hisoblashda xatoliklarning oldini olish maqsadida byudjet tashkilotlaridan tashqari jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar ham QQS obyekti sifatida belgilanmoqda.

Tadbirkorlik subyektlarini asosiy vositalar va asbob uskunalarni doimiy yangilashga ragʻbatlantirish uchun soliq maqsadlarida asosiy vositalarni qayta tiklashga hisoblanadigan amortizatsiya ajratmalari normalari miqdorlarining oshirilishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, innovatsion hamda ichki va tashqi investitsion faoliyatni ragʻbatlantirish maqsadida qoʻshimcha “investitsiyaviy chegirma” normasi kiritilmoqda. Shuningdek, “ilmiy tadqiqotlarga va (yoki) tajriba-konstruktorlik ishlanmalariga doir xarajatlar”ni hisobga olish xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilmoqda.

Faoliyat shaklidan qatʼiy nazar soliq toʻlovchilarning barcha toifalari uchun sof foydani soliqqa tortishning yagona shart-sharoitlarini yaratish maqsadida norezidentlarning respublika hududida oladigan dividendlari hamda xorijiy investorlar kiritgan investitsiyalardan dividend va foiz koʻrinishidagi daromadlaridan soliq toʻlashi tartibi kiritilmoqda.

Qonunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 13-iyuldagi Farmoni talablaridan kelib chiqib, yosh oila tomonidan olingan ipoteka kreditlari va ular boʻyicha hisoblangan foizlarni er-xotin yoki ulardan birining yoshi belgilangan yoshdan oshguniga qadar har bir soliq davri davomida tegishli miqdorda qoplashga yoʻnaltirilgan ish haqi va boshqa daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilish nazarda tutilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 9-avgustdagi qaroriga muvofiq yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun belgilangan imtiyoz qoʻshimcha ravishda ularga davlat tomonidan ajratiladigan uy-joylar boʻyicha ular
23 yoshga toʻlguniga qadar amal qilishi belgilanib, mol-mulk soligʻidan ozod etilmoqda.

Byudjetga soliq tushumlarining toʻliqligini taʼminlash, mahalliy byudjetlar daromad bazasini oshirish, shuningdek, soliq maʼmuriyatchiligini soddalashtirish maqsadida binolarga mol-mulk soligʻini hisoblash uchun minimal qiymat belgilash nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, soliq maʼmuriyatchiligi samaradorligini oshirish, tovar va mahsulot kuzatishning toʻliq tizimini yaratish va soliq toʻlashdan boʻyin tovlash holatlarining oldini olish maqsadida hisob-faktura yoki nazorat-kassa mashinasi cheklarida xoʻjalik yurituvchi subyekt amalga oshiradigan faoliyat turi va xususiyati yoki xarid qilingan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga mos kelmaydigan identifikatsiya kodlarini aks ettirish holatlari boʻyicha jarima belgilanmoqda.

Qonun bilan mulk soligʻi, yer soligʻi stavkalari va imtiyozlari boʻyicha oʻzgartishlar, foydali qazilmani qazib olish (ajratib olish) hajmi yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq, foydali qazilmalarning ayrim turlariga nisbatan soliq bazasini aniqlashning oʻziga xos xususiyatlari, foydali qazilmalarni qazib olishda maxsus renta soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash boʻyicha qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Senat aʼzolari tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun maʼqullandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.