Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish taklif qilinmoqda

    Moliya 18 Mart 2021 1339

    “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni loyihasi normativ-huquqiy xujjatlar loyihalari muhokamasi portali regulation.gov.uz portaliga jamoatchilik muhokamasi uchun chiqarildi.

    Qonun loyihasiga koʻra:

    1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-yanvardagi PQ-4940-son “Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 369-moddasiga qoʻshimchalar kiritish taklif qilinmoqda.

    Bunda, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori asosida aniqlanadigan olis va chekka hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlariga oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari orasidan bakalavr yoki magistraturani tamomlagandan soʻng uch yil davomida qabul qilingan xodimlarga toʻlanadigan bir martalik boshlangʻich yordam puli va uy-joy ijarasi uchun har oylik pul kompensatsiyasi jismoniy shaxslarning jami daromadiga kiritilmaydigan daromadlari toifasiga kiritiladi.

    2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi PF-6155-sonli “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Soliq kodeksining 408 va 483-moddalariga quyidagicha oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish taklif etilmoqda:

    a) ishlamaydigan turmush oʻrtoqlariga ishlayotgan fuqarolar tomonidan yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida ixtiyoriy tartibda ijtimoiy soliq toʻlanganda mehnat staji hisoblanishi belgilanmoqda (Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 408-moddasi);

    b) 2022-yil 1-yanvarga qadar 2020-yil 31-dekabr holati boʻyicha soliq qarzini majburiy undirish, shuningdek penya hisoblash choralari koʻrilmasligi belgilanmoqda (Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasi).

    3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2021-yil 4-5-fevral kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari ijrosini taʼminlash maqsadida Soliq kodeksining 4801 va

    4802-moddalariga quyidagicha qoʻshichalar kiritish taklif qilinmoqda:

    a) Oʻzbekiston Respublikasining boshqa davlatlar hududida joylashgan eksklavlari hududida soliqqa tortishning yangi tartiblari belgilanmoqda.

    Bunda, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa davlatlar hududida joylashgan eksklavlari uchun (Fargʻona viloyatining Soʻx tumani, Rishton tumaning Choʻngʻara mahalla fuqarolar yigʻini, shuningdek Fargʻona tumanining Shoximardon va Yordon mahalla fuqarolar yigʻini) Soliq kodeksida belgilangan soliq stavkalaridan qatʼi nazar soliq stavkalarini qoʻllashning oʻziga xos xususiyatlari nazarda tutilmoqda:

    foyda soligʻi, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi, yuridik shaxslar uchun ijtimoiy soliq (byudjet tashkilotlari bundan mustasno), aylanmadan olinadigan soliq turlari boʻyicha 1 foiz miqdorida soliq stavkasi qoʻllaniladi;

    qatʼiy belgilangan miqdorlardagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi amalda har oyda toʻlanadigan 25 000 soʻm oʻrniga, har chorakda 25 000 soʻm miqdorida toʻlanadi;

    yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi amalda har oyda toʻlangan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan kam boʻlmagan miqdori oʻrniga, yiliga bir marotaba bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida toʻlanishini belgilash taklif qilinmoqda.

    “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi bilan batafsil tanishib oʻz takliflaringizni qoldirishingiz mumkin.

    Moliya vazirligi

    Axborot xizmati