Senat tomonidan maʼqullangan “Soliq maʼmuriyatchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunining asosiy maqsadi qabul qilingan farmon va qarorlarda nazarda tutilgan tadbirlarning huquqiy asoslarini belgilab berish hamda tasdiqlangan Davlat dasturlari ijrosini taʼminlashdan iborat.
Qonunda Surxondaryo viloyatining Bandixon, Qiziriq, Muzrabot, Sherobod tumanlari, togʻli va yer maydonlari shoʻrlangan hududlarda yangidan tashkil etilgan, ushbu tumanlarda (hududlarda) davlat roʻyxatidan oʻtgan holda oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlari (klasterlar bundan mustasno) yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi, yuridik shaxslar mol-mulkiga solinadigan soliq, aylanmadan olinadigan soliq, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining qatʼiy belgilangan summasini toʻlashdan 2024-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ozod qilinishi belgilangan.
Shuningdek, Surxondaryo viloyati togʻli hududlari va yer maydonlari shoʻrlangan hududlarida yangidan tashkil etilgan, ushbu hududlarda davlat roʻyxatidan oʻtgan holda oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlari (bundan klasterlar mustasno) 2021-yil 10-sentyabrdan 2024-yil
1-yanvarga qadar boʻlgan davrda foyda soligʻini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foiz kamaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha toʻlashi koʻzda tutilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, imtiyozlar joriy qilinishi natijasida ushbu hududlarda 1 400 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari yangidan tashkil etiladi va ular ixtiyorida 13 milliard 400 million soʻm mablagʻ qoldiriladi.
Bundan tashqari, 2020-yilda Sardoba suv omborida sodir boʻlgan texnogen hodisa oqibatida Sirdaryo, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi zarar koʻrgan baliqchilik, chorvachilik va parrandachilik faoliyati bilan shugʻullanayotgan tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham vaqtinchalik soliq imtiyozlari kiritilmoqda.
Xususan, Sirdaryo viloyati Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida favqulodda hodisa oqibatida zarar koʻrgan, roʻyxati xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan baliqchilik, chorvachilik va parrandachilik xoʻjaliklari 2020-yil 1-maydan 2022-yil 1-noyabrga qadar yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi va mol-mulkka solinadigan soliqni toʻlashdan ozod qilinmoqda.
Natijada 69 ta baliqchilik, 41 ta chorvachilik va 5 ta parrandachilik xoʻjaliklari ixtiyorida 1 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ qolishi hisob-kitob qilingan.
Qonunda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishni nazarda tutuvchi meʼyorlar ham kiritilishi nazarda tutilgan.
Xususan, tovarlar va koʻrsatilayotgan xizmatlar uchun naqd pul mablagʻlari yoki plastik kartochkalar bilan hisob-kitob qilish shakliga qarab, ular narxlarini sunʼiy oshirish yoki pasaytirish holatlari hamda majburiy ravishda raqamli markirovkalanishi belgilangan tovarlarni (mahsulotlarni) identifikatsiya vositalari orqali raqamli markirovkalash qoidalarini ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan buzish holatlari boʻyicha javobgarlik belgilanmoqda.
Soliq Kodeksiga shaffoflik taʼminlash maqsadida soliq nazoratini amalga oshirishga doir harakatlar xolisligi videotasvirga olish qurilmalaridan foydalanish vositasida amalga oshirilishi, bunday imkoniyat mavjud boʻlmagan taqdirda esa, xolislar ishtirokida amalga oshirilishi toʻgʻrisida tegishli meʼyor kiritilmoqda.
Shu bilan birga, Qonunda bugungi kunda Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining ayrim hujjatlarni qabul qilish vakolati Vazirlar Mahkamasiga oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.
Taʼkidlash lozimki, byudjetga toʻlovlar boʻyicha qarzi boʻlgan korxonalarga oʻz vaqtida inkassa topshiriqnomasini taqdim etmaslik holatlari boʻyicha jarima qoʻllash tartibi bekor qilinmoqda.
Senatorlar ushbu Qonunni ham maʼqulladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.