Qarorda soliq toʻlovchilar bilan oʻzaro hamkorlikning raqamli shaklini joriy etish, soliqlar va yigʻimlarni undirishda (toʻlashda) soliq organi va bank tizimi oʻrtasida elektron maʼlumot almashinuvini takomillashtirish choralari tasdiqlandi.

Shuningdek, nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimi qoʻllanilishini yana-da takomillashtirish, davlat boji va boshqa yigʻimlarni undirishning yagona tartibi amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Yangi qaror bilan davlat soliq xizmati organlari faoliyatiga oid uchta yangi nizom tasdiqlanmoqda. Ular quyidagilar:

– “Soliq monitoringini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom;

– “Soliq toʻlovchining bank hisobvaraqlari bilan bogʻliq operatsiyalar boʻyicha soliq organi va bank tizimi oʻrtasida elektron maʼlumot almashish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom;

– “Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan undirilgan davlat boji va boshqa yigʻimlarning byudjet tizimiga tushumlarini hisobga olish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom.

Mazkur hujjatga koʻra, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-noyabrdagi “Onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimi qoʻllanilishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 943-sonli qaroriga bir necha oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Ushbu oʻzgartirish va qoʻshimchalar, 2021-yil 1-martdan amaliyotga kiritiladi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 24-oktyabrdagi “Umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqidagi” 307-son qarori oʻz kuchini yoʻqotdi.

Hurmatli soliq toʻlovchilar, ushbu oʻzgarishlar haqida batafsil maʼlumotlar siz uchun qiziq boʻlsa, Davlat soliq qoʻmitasi rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini (TelegramFacebookYoutubeInstagram) kuzatib boring. Tez orada qaror bilan kiritilayotgan oʻzgarishlar haqida Davlat soliq xizmati organlari mutaxassislari tomonidan tayyorlangan tushuntirish-targʻibot materiallari yuqorida qayd etilgan manbalarda eʼlon qilinadi.

DSQ Matbuot xizmati