Soliq qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, bu chora “Soliq billing” avtomatlashtirilgan tizimi orqali amalga oshiriladi va fuqarolarga bosqichma-bosqich ogohlantirish yuboriladi.

Avvalo soliq hisoblangani haqida xabarnoma, soʻng SMS orqali eslatma yuboriladi. Shuningdek, “Soliq” mobil ilovasi yoki my.gov.uz shaxsiy kabineti orqali ham maʼlumot yetkaziladi. Keyingi bosqichda esa elektr toʻlovi cheklanishi mumkinligi haqida ogohlantirish beriladi.

Muhimi, qarzdorlikka qaramay elektr oʻchirilmaydi — faqat uni toʻlash imkoniyati vaqtincha cheklanadi. Qarz bartaraf etilgan zahoti cheklov bekor qilinadi.

Ayrim ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarga ushbu cheklov tatbiq etilmaydi. Jumladan:

— 1 va 2-guruh nogironligi boʻlgan shaxslar;

— boquvchisini yoʻqotgan oilalar;

— ijtimoiy reyestrga kiritilgan fuqarolar;

— qonunchilikda belgilangan boshqa imtiyozli toifalar.

Hozirda Namanganda 1 mln soʻmdan ortiq soliq qarziga ega 45,8 ming nafar fuqaro mavjud boʻlib, bu jami soliq toʻlovchilarning 8 foizini tashkil qiladi.

Mazkur tartib 2026-yil 1-oktyabrgacha sinovdan oʻtkaziladi. Uning natijalariga qarab, tizimni boshqa hududlarda joriy etish masalasi koʻrib chiqiladi.

Eslatib oʻtiladi, 1 mln soʻmdan ortiq soliq qarzi sud orqali undirilishi ham mumkin boʻlib, bu qoʻshimcha xarajatlarga sabab boʻladi.