Soliq qoʻmitasi “Kapitalbank” va “Tengebank”ni ogohlantirdi

    Moliya 19 Sentabr 2024 309

    Ijtimoiy tarmoqlarda toʻlov topshiriqnomalarini yuborishda muammolar yuzaga kelayotganligi haqida xabarlar tarqaldi.

    Maʼlum qilinishicha, shu yilning sentyabr oyida ayrim tijorat banklari yangi axborot tizimidan foydalanishga oʻtgan va bu haqda Soliq qoʻmitasini xabardor qilmagan.

    Bank dasturchilari yangi tizimga oʻzgartirishlar kiritayotgani sababli, baʼzi toʻlov topshiriqnomalari bajarilmagan.

    Masalan, shu oy boshidan “Tengebank” 2 439 ta topshiriqnomadan 413 tasini va “Kapitalbank” 4 287 ta topshiriqnomadan 740 tasini bajarmasdan qaytargan.

    “Soliq qoʻmitasi huzuridagi Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo soliq inspeksiyasi tomonidan majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarmayotgan har ikkala bank kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish va buning uchun Soliq kodeksida belgilangan javobgarlik choralari toʻgʻrisida rasman ogohlantirildi”, deyiladi xabarda.