Soliq qoʻmitasi Yandeks taksi boʻyicha munosabat berdi

    Moliya 7 Dekabr 2023 612

    Soliq organlari tomonidan soliq bazasini kengaytirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish boʻyicha tizimli ishlar davom ettirilmoqda.

    Ushbu chora-tadbirlardan biri taksi va yoʻlovchi tashish bozorini tartibga solishdir. Bu haqda Soliq qoʻmitasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

    Avval xabar qilinganidek, joriy yilning 1-dekabridan boshlab Yadex Go xizmati Oʻzbekistonda oʻz faoliyatini mahalliylashtirib, soliq rezidentiga aylandi. Shu bilan birga, mazkur servis Soliq axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishi natijasida har bir tashish xizmati uchun fiskal chek shakllantirish imkoniyati yaratildi.

    Oʻtgan kunlar davomida (1 – 6-dekabr) 13,5 mlrd soʻmlik 800 483 ta chek shakllantirildi.

    Oʻz navbatida, mazkur sohada bir qator yechimini topishi lozim boʻlgan masalalar saqlanib qolmoqda:

    - birinchidan, taksi xizmati (Yandex Go va boshqalar) uchun naqd pul orqali toʻlov qilinganda chek berilishi yoʻlga qoʻyilmagan.

    Bu borada amaliyotga tatbiq etish uchun bir nechta yechimlar ishlab chiqildi va bozor ishtirokchilariga taklif qilindi, yaqin kunlarda naqd pul orqali toʻlov qilinganida ham chek berilishi taʼminlanadi;

    - ikkinchidan, qolgan agregatorlarda, xususan – MyTaxi, Uklon va boshqalarda fiskal chek bugungi kungacha shakllantirilmayapti.
    Ushbu agregatorlar bilan texnik integratsiyalash ishlari yakunlangan va yaqin kunlarda yoʻlovchilar ushbu xizmatlardan foydalanganda fiskal cheklarni olishni boshlashi kutilmoqda.

    Bundan tashqari, respublikaning barcha hududlarida agregatorlar va taksi xizmatlarini fiskallashtirish koʻzda tutilgan;

    - uchinchidan, bugungi kunga qadar shakllantirilgan 13,5 mlrd soʻmlik 800 483 ta cheklarning 13,4 mlrd soʻmlik 791 100 tasi 232 ta yuridik shaxslar (Yndex Go hamkorlari va taksi kompaniyalari), 163,9 mln soʻmlik 9 383 tasi esa 1 821 nafar oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar hissasiga toʻgʻri keladi.

    Bunda, tashish xizmati oʻzini oʻzi band qilgan haydovchi tomonidan koʻrsatilgan boʻlsada, tashishning barcha summasi taksopark (hamkor) aylanmasida aks etish holatlari Soliq qoʻmitasi tomonidan kuzatilmoqda.

    Mazkur yoʻnalishda taksoparklar va oʻzini oʻzi band qilgan haydovchilar oʻrtasida soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetida komissioner va komitentni toʻgʻri belgilash boʻyicha tushuntirish ishlari agregatorlar bilan birgalikda olib borilmoqda.

    Shuningdek, ushbu sohada oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida mazkur funksiyani Soliq mobil ilovasiga qoʻshish orqali soddalashtirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
    Maʼlumot uchun: yuridik shaxslar oʻzlarining shaxsiy kabinetida fiskal cheklarni tahrirlash mexanizmidan foydalanishlari mumkin. Shuningdek, Soliq kodeksining 369-moddasi 9-bandiga muvofiq, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar barcha turdagi soliqlardan ozod qilingan.

    Taksi faoliyatidan rasmiy daromad shakllantirish imkoniyatining paydo boʻlganligi oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun alohida bir qator afzalliklarni keltirib chiqaradi. Jumladan, daromad toʻgʻrisidagi maʼlumotlar keyinchalik ularga boshqa iqtisodiy harakatlarda (ipoteka, isteʼmol kreditlari, tovarlarni boʻlib-boʻlib toʻlash va hokazo) imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu oʻz navbatida aholining iqtisodiy faolligi oshishiga xizmat qiladi.

    Soliq qoʻmitasi taksi xizmatini koʻrsatishda agregatorlar va ularning hamkorlari biznes jarayonlarini monitoring qilib bormoqda va aniq yechimlarni taklif etadi.

    Shu bilan birga yoʻlovchi tashish bozorida, turli baholashlarga asosan 500 mingdan 1 mln nafargacha fuqaro toʻliq yoki qisman bandligini, shuningdek, taksilarning kundalik logistika va harakatlanishdagi ahamiyati katta ekanini hisobga olib, mazkur sohadagi munosabatlarni avtomatlashtirish va fiskallashtirish jarayonini bosqichma-bosqich va ehtiyotkorlik bilan amalga oshirish zarur, deb hisoblaymiz.

    Bunda, soliq qonunchiligiga rioya etilishi, soliqlarning toʻgʻri hisoblanishi va oʻz vaqtida toʻlanishi ustidan nazorat hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga soliqlarning toʻliq tushishini taʼminlash soliq organlarining asosiy vazifalari boʻlib qoladi.