Soliq qoʻmitasida issiqxonalar boʻyicha respublika Ishchi shtabi tashkil etildi

    Soliq qoʻmitasi Raisi va oʻrinbosarlari boshchiligidagi ishchi guruhlar 2025-yil 31-iyuldan boshlab hududlarda bevosita ish olib borishni boshlaydi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2025-yil 30-iyul kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksportini oshirish, yangi zaxira va imkoniyatlarni ishga solishga doir bir qator topshiriqlar berildi.

    Mazkur vazifalar ijrosini soʻzsiz taʼminlash maqsadida Davlat soliq qoʻmitasining navbatdan tashqari Hayʼat yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda issiqxonalar faoliyatini oʻrganish va ularda tabiiy gazdan samarali foydalanishni tahlil qilish boʻyicha maxsus Respublika Ishchi shtabi tashkil etildi.

    Shtab doirasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan aniq vazifalar belgilanib, 4 ta ishchi guruhi tuzildi. Ular quyidagi yoʻnalishlarda faoliyat yuritadi:

    • Issiqxonalarni maxsus savolnomalar asosida toʻliq xatlovdan oʻtkazish, ular bilan jonli muloqotlar tashkil etish, mavjud muammolarni aniqlash;
    • Yer maydoni, ishlab chiqarayotgan mahsulot, isteʼmol qilinayotgan yoqilgʻi miqdori va elektron gaz hisoblagichlar maʼlumotlarini qamrab olgan yagona elektron dashbord yaratish;
    • Tabiiy gaz sarfining sohalar kesimida samaradorligini baholash;
    • Soliq majburiyatlarini bajarishda issiqxonalarga koʻmaklashish, xususan, moliyaviy jarimalarni ijro muddatini oʻzgartirish orqali ularning bank hisob raqamlarini barqaror faoliyatga qaytarish;
    • Issiqxonalardagi muammolarni hal etish maqsadida zarur meʼyoriy-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish.

    Soliq qoʻmitasi Raisi va oʻrinbosarlari boshchiligidagi ishchi guruhlar 2025-yil 31-iyuldan boshlab hududlarda bevosita ish olib borishni boshlaydi.