Soliqlar nimaga sarflanishini toʻlaqonli bilganimizda edi, barchamiz oʻz tashabbusimiz bilan toʻlagan boʻlardik. Toʻlamayman, menga yengillik, imtiyoz beringlar demasdik. Aksincha, nima uchun soliq toʻlamayapman, boshqalardan kam joyim bormi, mayib-majruhmanmi deya jar solardik. Soliq toʻlay olish layoqatini bergani uchun Yaratganga shukr aytib, ich-ichimizdan quvonardik, gʻururlanardik.
Soliqni sogʻlom
odamlar toʻlaydi. Vatan, seni sevaman, senga jonim fido deb aytish uchun
maʼnaviy haqqi bor odamlar toʻlaydi soliqni. Uni toʻlash qahramonlik yoki
olijanoblik emas, balki burch.
Xoʻsh, soliq nima
oʻzi? Soliq davlat faoliyatini taʼminlash, maktablar, shifoxonalar, yoʻllar va
boshqa ijtimoiy infratuzilmalarni moliyalashtirish va iqtisodiyotni boshqarish
uchun jismoniy hamda yuridik shaxslardan majburiy, qaytarilmaydigan tartibda
undiriladigan pul mablagʻi. U byudjetni shakllantiradi va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini taʼminlaydi.
Vatan qudrati, avvalo, ilmli, maʼrifatli fuqarolarga bogʻliq. Xuddi
koinotni quyoshsiz tasavvur qilib boʻlmaganidek, jamiyatni maktabsiz,
oʻqituvchisiz, bilimsiz tasavvur qilish qiyin. Ilmu maʼrifat, maʼnaviyat esa
maktabgacha taʼlim tashkilotlarida, maktablarda, oliy oʻquv yurtlarida
beriladi. Inson orzu qilishi, oldiga marralar qoʻyishi, maqsadlar sari
intilishi uchun, avvalo, sogʻlom boʻlishi kerak. Buning uchun mamlakatda
tugʻuruqxonalar, shifoxonalar, poliklinikalar qurilishi, bu qutlugʻ dargohlarda
inson salomatligi uchun masʼul malakali, tajribali tibbiyot xodimlari ishlashi
lozim.
Mamlakatda sogʻlom
va komil insonga ehtiyoj katta. Soliqlarimiz taʼlim, maʼrifat, maʼnaviyat uchun
sarflanayotganini nahotki tushunmaymiz?!
Oliy oʻquv
yurtlari, maktablar, bogʻchalar qurilishi, ularning darsliklar, oʻquv jihozlari,
laboratoriyalar, kutubxonalar, kompyuterlar, turli zamonaviy texnologiyalar
bilan taʼminlanishi soliq tushumlariga bogʻliqligini bilamizmi?
Yaqin oʻtmishda
paxta terimi paytida hasharchilarning yotogʻiga aylantirilib, terim tugagach,
qanday abgor ahvolda boʻlsa, xuddi shunday holda mashgʻulotlar davom
ettirilgan, sport maydonchalarigacha tekislanib paxta ekilgan, tomidan chakka
tomadigan maktablar oʻrniga dunyo havas qilayotgan ilm koshonalari qurilishiga
hissa qoʻshish nahotki kimlargadir malol kelayotgan boʻlsa...
Jahon ahli boshiga
musibat olib kelgan pandemiyadan xalqimizni eson-omon olib chiqish uchun
davlatimiz rahbari barcha tizimga soliq imtiyozlarini berish haqida qarorlar
qabul qilgani odamlarning yodidan koʻtarilgani yoʻq hali.
Oʻshanda maxsus komissiya tuzildi. Tibbiyot muassasalari favqulodda ish
rejimiga oʻtkazildi. Qisqa muddatda maxsus shifoxona va karantin hududlari
qurildi. Sihatgoh va oromgohlar karantin muassasalariga moslashtirildi.
Tibbiyot maskanlari dori-darmon, himoya va diagnostika vositalari bilan yetarli
darajada taʼminlandi. Buning uchun zarur mablagʻ ajratildi. Bu mablagʻ
yigʻilgan soliq tushumi ekanidan nahotki xabaringiz boʻlmasa?
Pandemiya vaqtida
mamlakat boʻylab joylardagi muammolar ochiq muhokama qilindi. Koronavirusga
qarshi kurashish uchun qaysi hududga qanday texnika va vositalar kerakligi
belgilandi. Prezidentimiz mutasaddilarga haqiqiy holatni real vaqt rejimida
nazorat qilib, yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etib borish boʻyicha
qatʼiy topshiriq berganini barchamiz yaxshi bilamiz. Xullas, mamlakatimiz
yetakchisining saʼy-harakati tufayli har bir hudud ehtiyojdan kelib chiqib,
yetarlicha dori-darmon, tibbiy buyumlar va test tizimlari bilan taʼminlangani,
tibbiyot xodimlari moddiy ragʻbatlantirilgani bugun tarix sahifalaridan oʻrin
oldi.
Biz toʻlayotgan
soliqlarning bir qismi tibbiyotga yoʻnaltirilganini minnatdorlik bilan qabul
qilishimiz kerak emasmi?
Tekis va ravon
yoʻllar — obodlik belgisi, mamlakatning qiyofasini belgilovchi omil. Uyimizga,
ishga, barcha muqaddas joyga, tarixiy osori atiqalarga yoʻllar olib boradi.
Oʻzbekistonga
sarmoya kiritayotgan investorlar, avvalo, yoʻllarimizga qaraydi. Yildan yilga
karrasiga koʻpayayotgan turizm rivojida yoʻllarning oʻrnini boshqa biror narsa
bilan toʻldirib boʻlmaydi. Boshqacha aytganda, daromad yoʻllardan yurib, kirib
keladi. Yoʻllarga qancha koʻp pul sarflasak, shuncha koʻp falokatning oldi
olinadi.
Biz toʻlayotgan
soliqning bir qismi yoʻl qurilishiga ketishini nahotki tushunishni istamaymiz?
Joriy yil 6-aprel
kuni Prezidentimiz soliq maʼmurchiligini takomillashtirish va soliq organlari
faoliyatini isloh qilishga doir taqdimot bilan tanishdi. Unda davlatimiz
rahbari soliq tizimini takomillashtirish, nazoratni kuchaytirish va xufiyona
iqtisodiyot haqida toʻxtalib oʻtdi.
Soliq tizimidagi
shaffoflik va adolat davlatimiz rahbari nazoratida turganining oʻziyoq har
birimizning vijdonimizni uygʻotmogʻi shart va zarur.
Eng rivojlangan
mamlakatlarda soliq toʻlamagani yoki soliqdan qochgani uchun “erkatoy
yulduzlar”, yurti taraqqiyotida oʻrni bor tadbirkorlarga jarima va jazo
belgilangan.
Bunga misollar koʻp. Masalan, aksariyat futbol yulduzlari, shou-biznes
vakillari soliq toʻlamaslik bilan bogʻliq voqealar sabab javobgarlikka
tortilgan.
Iqtisodiyoti rivojlangan davlatlarda soliq
“ixtiyoriy burch” emas, balki qatʼiy ijtimoiy shartnoma.
Mashhurlik, boylik
yoki taʼsir jazodan himoya qilmaydi. Eng muhimi, jazo muqarrarligida.
Xoʻsh, bizda-chi?
Biror marta soliq toʻlamagani yoki soliqdan qochgani uchun ishbilarmon,
shou-biznes vakili yoki mashhur sportchi jarimaga tortilgani haqida
eshitganmisiz? Eshitmagansiz! Chunki bizda ular doimo eʼzozda.
Tadbirkorlik, fan,
taʼlim, sogʻliqni saqlash, sport, sanʼat, adabiyot, madaniyat rivojiga hissa
qoʻshganlar, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlab, nogironligi bor
yurtdoshlarimizni ish bilan taʼminlaganlar uchun bosqichma-bosqich soliq
imtiyozlari joriy etib kelinmoqda.
Oʻzbekiston bugun jahonga eshiklarini ochdi. Dunyo oʻzbek bilan doʻst
boʻlishni istamoqda. Bekligimizni, eng avvalo, yuragimizda, vijdonimizda
tiklaylik. Oldimizda turgan ulkan masʼuliyatni sharaf deya qabul qilaylik. Eng
asosiysi, topgan daromadimizdan qonunda belgilangan miqdorda soliq toʻlashni
vijdon ishi deb bilaylik.
Zulfiya MOʻMINOVA,
Oʻzbekistonda
xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi,
“Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi