Soliq qoʻmitasi seshanba kuni tadbirkorlarga davlat reyestriga kiritilgan onlayn nazorat kassa mashinasi yoki virtual nazorat kassa mashinasi modelini uning narxi, funksionalligi, foydalanish qulayligi va boshqa xususiyatlaridan kelib chiqib, erkin tanlash huquqiga ega ekanini maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, agar soliq xizmati xodimlari tomonidan maʼlum bir onlayn NKTdan majburan foydalanishga undash holatlariga duch kelinsa, bu haqda @dsq_anticorrupciya_bot orqali xabar berilishi mumkin.

Soliq qoʻmitasi naqd pul tushumiga ega boʻlgan barcha tadbirkorlar onlayn nazorat kassa mashinasi yoki virtual nazorat-kassa mashinasidan foydalanishi kerakligini eslatdi.

Davlat reyestriga kiritilmagan, kassa cheklarida mahsulotlar yagona elektron milliy katalogi identifikatsiyalash kodlari aks ettirilmaydigan, shuningdek, shtrix-kodlar va raqamli markirovka belgilarini erkin oʻqish hamda aniqlash qurilmalarini ulash imkoniyatiga ega boʻlmagan onlayn NKM va virtual kassalardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.