Soliqdan qarzdorlik uchun hisoblanadigan penya miqdori oʻzgardi

    Markaziy bank asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14 foiz darajasida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qilgandan soʻng qayta moliyalashtirish stavkasi va soliq qarzi uchun penya hisoblanish miqdoriga ham oʻzgartirish kiritildi.

    Qayd etilishicha, penyaning foiz stavkasi Markaziy bankning shu davrda amalda boʻlgan qayta moliyalash stavkasi (14%) ning 1/300ga teng etib qabul qilinadi.

    Bunda misol uchun, toʻlanmagan soliq qarzi 500 ming soʻm miqdorida boʻlsa, uning uchun penya quyidagi tartibda hisoblanadi:
    500 000 x (14%/300) = 233,33 soʻm.

    Shu hisobda, soliq qarzini toʻlash bir kunga kechiktirilganda 233,33 soʻm penya hisoblanadi.

    Qarzdor toʻlashi mumkin boʻlgan qarzni shu tarzda hisoblab, qarziga qoʻshilishi kutilgan boʻlgan penyani bilib olishi mumkin (bunda qarz summasi 14 foiz(0,14)ga koʻpaytiriladi va chiqqan son 300 ga boʻlinadi).

    Maʼlumot uchun, penya soliq toʻlovchi soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan soliqlarni toʻlash muddatlarini buzgan taqdirda toʻlanmagan soliq summasiga nisbatan kechiktirilgan har bir kalendar kun uchun foizlarda hisoblanadi.

    Hisoblangan penyalar ham soliq qarzi sanaladi va ularga nisbatan soliq organlari tomonidan majburiy undiruv choralari qoʻllaniladi.

    Eslatib oʻtamiz, moliyalashtirish stavkasi joriy yilning 24-mart kunidan amalga tatbiq etildi.