SHunday bo'lsa-da, o'tgan davr mobaynida ayrim qarzdorligi yuqori bo'lgan korxonalar soliq to'lamaslik uchun bir hududdan boshqa hududga ko'chish, pochta manzilini noto'g'ri ko'rsatish holatlari kuzatilgan.

Bundan tashqari, ayrim davlat idoralari tadbirkorlik sub'ektini boshqa hududga ko'chirish maqsadida tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatiga asossiz aralashish holatlari ham mavjud bo'lgan. Masalan, katta qarzdorligi mavjud korxona boshqa hududga ko'chib o'tishi, o'sha tumanning iqtisodiyotiga katta salbiy ta'sir ko'rsatadi.

Mazkur holatlarni oldini olish uchun Hukumat tomonidan qonunchilikka tegishli o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi.

Natijada, 2021 yil 2 martdan boshlab yuridik shaxsning manzilini o'zgartirish bilan bog'liq qayta ro'yxatdan o'tkazishda:

yuridik shaxsning bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan ortiq soliq qarzi mavjudligi;

amalga oshirilgan tovar aylanma yoxud tovarlar importi bo'yicha realizatsiya hajmining soliq hisobotlarida to'liq aks ettirilmaganligi;

soliq hisobotlarini belgilangan muddatlarda topshirmaganligi tadbirkorlik sub'ekti hisoblangan yuridik shaxslarning ta'sis hujjatlarini qayta ro'yxatdan o'tkazishni rad etish uchun asos bo'ladi.

Ushbu jarayon maxsus avtomatlashtirilgan tizimining Davlat soliq qo'mitasiga integratsiya qilingan holda avtomatik ravishda amalga oshiriladi.

Ushbu jarayonning avtomatlashtirilishi – biznes faoliyatiga asossiz aralashish holatlarini aniqlash, har bir qarzdorligi oshib borayotgan korxonalarni boshqa hududlarga ko'chib borishini oldini olish hamda tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatida mas'uliyat hissi oshishiga xizmat qiladi.

Kamol Xalikov,

Davlat xizmatlari agentligi bosh yuriskonsul`ti.