Solixon domla qamaldi va jarimaga tortildi

    30-mart kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari boʻyicha Sergeli tumani sudida hukm oʻqilgan.

    Tarmoqda Solixon domla nomi bilan tanilgan Solixon Mahkamovich Ortiqxoʻjayev 15 sutkaga qamaldi.

    Sud hukmida, Solixon Ortiqxoʻjayev Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan, deb topilgan.

    Hukmga koʻra, Solixon Ortiqhoʻjayev, jamiyatda yurish turish qoidalarini qasddan mensimasdan, 2024-yil 30-mart kuni Sergeli tumani IIO FMB xodimlari va DXX xodimlari tomonidan jinoyatda gumon qilinib, qidiruvda boʻlgan fuqaro boʻyicha qidiruv ishlari olib borish davomida, tintuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorga asosan uning Sergeli tumani Kengmakon MFY, Buyuk avlod koʻchasi 14-uyiga borganlarida, xodimlarga nisbatan nosamimiy munosabatda boʻlib, baqir chaqir qilgan. U baland ovozda “terrorchi emasman, siyosatga qarshi emasman, jinoyatchi emasman” deb shovqin qilib, shu yerdan oʻtib ketayotgan fuqoralarning tinchiligini buzganligini hamda IIO xodimlari tomonidan oʻziga tegishli boʻlgan telefon aparatini taqdim qilish soʻralganida, ularga telefon aparatini taqdim etmasdan, IIO xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaganligi aniqlangan.

    Sud majlisida S.Ortiqxoʻjayev, huquqbuzarlik harakatiga qisman iqrorlik bildirib, haqiqatdan ham, 2024-yil 30-mart kuni Sergeli tumani Kengmakon MFY, Buyuk avlod koʻchasi 14-uyga yaʼni oʻz yashash xonadoniga huquqni muhofaza qiluvchi xodimlar kelganligini, tintuv boʻyicha xujjatlari borligini aytib uyiga kirishganligini, IIO xodimlari uning qoʻl telefonini soʻrashganlarida ularga, qarshilik koʻrsatib, telefon apparati yoʻqligini aytib, telefon aparatini taqdim etmaganligini lekin baqir chaqir qilmaganligini aytib suddan unga nisbatan yengillik berishni soʻragan.

    Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 34-moddasi tartibida Solixon Ortiqxoʻjayevga uzil-kesil 15 /oʻn/ sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan

    Jazoni oʻtash muddati 2024-yil 30-mart kuni soat 15:30dan boshlab hisoblanadi.

    Solixon domla 2022-yilning yanvar oyida Solixon domlaning internet tarmoqlaridagi keskin chiqishlari fuqarolar, ayniqsa, Xorazm viloyatida istiqomat qiluvchilarning eʼtirozlariga sabab boʻlgani ortidan u Toshkent viloyati Zangiota tumani “Fath” jome masjidida imom noibi vazifasidan boʻshatilgandi.