Soʻmning real almashinuv kursi avgustda ham mustahkamlandi

    Moliya 10 Sentabr 2022 580

    Markaziy bankning Real samarali almashuv kursi sharhida maʼlum qilishicha, real samarali almashuv kursi joriy yilning avgust oyida iyulga nisbatan oʻsuvchi dinamika qayd etib, 1,4 foizga mustahkamlangan.

    Soʻmning mustahkamlanishi 2021-yil mos davriga nisbatan 3 foizga, bazaviy davr deb hisoblangan 2019-yil sentyabrga nisbatan 6 foizni tashkil etgan.

    Avgustdagi mustahkamlanish asosiy savdo hamkorlari boʻlgan davlatlar valyutalari — rublning dollarga nisbatan 2,3 foizga, turk lirasining 3,3 foizga, xitoy yuanining 1,0 foizga qadrsizlanishi fonida yuz bergan. Ichki inflyatsiya ham (0,5 foiz) soʻm qadrini nisbiy oshiruvchi omilga aylangan.

    Bu Oʻzbekistonning savdo-hamkor davlatlari valyuta kurslarining yuqori surʼatlarda qadrsizlanishi va ichki inflyatsiya taʼsiri bilan ifodalanadi.

    Regulyatorning taʼkidlashicha, avgust oyidagi real samarali almashuv kursining qadri oshishi asosan savdo-hamkor davlatlar valyuta kurslarining yuqori surʼatlarda qadrsizlanishi va ichki inflyatsiya taʼsiri bilan ifodalanadi.

    Xususan, mazkur indeksni oshiruvchi omillar sifatida savdo-hamkor davlatlar valyuta kurslari oʻzgarishi — 1,4 foiz bandga, ichki inflyatsiya — 0,5 foiz bandga taʼsir etgan boʻlsa, pasaytiruvchi omil boʻlib savdo-hamkor davlatlar inflyatsiyasi — 0,5 foiz bandni tashkil etgan.